Abortlarga keskin e’tiroz bildiruvchi katolik cherkovining ta’siri kuchli bo’lgan Lotin Amerikasida abort huquqlari uchun harakat uyg’onmoqda.
Meksika janubidagi Chiapas shtatida yashovchi Lupita Ruis besh yil oldin homilador bo’lib, yangi ish boshlash arafasida homilani oldirib tashlashga qaror qilgan. Bunday amaliyot shtatda noqonuniy bo’lsa-da, Lupita tanishlar orqali boshqa shahardan bir shifokor topib, bu ishni xufyona o’tkazishga qaror qilgan.
Shtat qonunchilari abort qilishga majbur bo’lgan ayollarni javobgarlikka tortish haqidagi qonunni bekor qilish taklifini ko’rib chiqishga kirishmoqda. Lotin Amerikasining 20 dan ortiq mamlakatida abort qilish taqiqlangan. Salvadorda bunday jinoyat uchun hatto 40 yilga qamalganlar ham bor.
Braziliyada faqat muayyan holatdagina abortga ruxsat beriladi. Masalan, ayol jinsiy zo’ravonlik qurboni bo’lsa yoki homila ona hayotiga xavf solayotgan bo’lsa.
Mintaqada yolg’iz Urugvay va Kubada ayollarga abort qilish tanlovi beriladi. Meksikada bu borada muhokamalar boshlanmoqda. Qonunchi ayollar ayniqsa faol.
Lupita Ruis hozir 27 yoshda. Qonunchilarga uzatilgan “Chiapas tashabbusi”ni tayyorlashda yordam bergan.
Argentinada o’tgan yili prezidentlikka kelgan Alberto Fernandes o’tgan oy abortni qonuniylashtirishni taklif etdi. Katolik cherkovi rahbari, Rim papasi Fransiskning ona vatani bo’lmish bu mamlakatda 2018-yilda bir millionga yaqin ayol abortga qarshi namoyish qildi, biroq bunga doir qonun parlamentda kichik farq bilan o’tmadi.
Chilida esa faollar yangi konstitutsiyada reproduktiv huquqlarni kengaytirishni talab qilmoqda.
Lotin Amerikasida so’nggi besh yilda ayollarga nisbatan zo’ravonliklar kuchaygan, qotillik qurboniga aylangan ayollar soni ikki baravar oshdi. Shunga qaramay, jamiyatlarni liberallashtirishga qaratilgan da’vatlar konservativ guruhlar va siyosatchilar tomonidan katta qarshilikka uchramoqda.
Katolik ruhoniylari orasida jinsiy tajovuz holatlari ko’paygani sari lotin amerikaliklar orasida cherkovga ishonch tushib bormoqda.