G’azoda Isroil harbiy amaliyotining keti ko’rinmas ekan, nafaqat AQSh, balki Yevropa oliy o’quv yurtlarida Falastinga xayrixoh namoyishlar kuchaymoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Parij shahrida joylashgan Siyosiy fanlar universitetidagi namoyishni bir necha kun oldin politsiya tarqatishi ketidan bugun talabalar yana to’plangan. O’nlab talaba universitetning asosiy binosiga kirishni to’sib qo’ydi. 40 ga yaqini binoda tunagan.
Ulardan biri AQShda talabalar namoyishlaridan ruhlanganini, Falastin xalqi bilan birdam ekanini aytadi.
“Namoyishlarning boshqa talabalar o’qishiga halaqit berayotganini tushunamiz, ammo odamlar shaxsiy muammolarini ustun qo’ymasligi kerak. Akademik jamoaning a’zolari sifatida dunyo bo’ylab ta’lim olish imkoniyatlariga qarshi harakatlarga qattiq turishimiz kerak. G’azoda hozir aynan shunday bo’lmoqda”, - deydi Lui ismli parijlik bir talaba.
O’tgan hafta Nyu-Yorkning Kolumbiya universitetida politsiya 100 dan ortiq namoyishchini hibsga olishi ketidan namoyishlar boshqa ta’lim maskanlarida ham avj olmoqda.
Talabalar o’z universitetlaridan Isroilning G’azodagi harbiy amaliyotini qoralashni, Isroildan uzoqlashishni talab qilmoqda.
Namoyishlarni talabalar guruhlaridan iborat uyushmalar tashkillashtirmoqda. Bundan bir kun oldin poytaxtdagi Jorj Vashington universitetida 50 nafar student hovlida chodirli lager o’rnatdi.
Shu kuni Jorjtaun universitetining talabalari va ayrim professorlari o’qishdan chiqib, Jorj Vashington universitetiga bordi, u yerdagi namoyishchilarga qo’shildi.
Politsiya tartibga ko’z-quloq bo’lmoqda, jiddiy hodisalar haqida ma’lumot yo’q.
Nyu-Yorkda o’tgan hafta hibsga olingan talabalar orasida AQSh Vakillar palatasining demokrat a’zosi Ilhan Umarning qizi Isra Hirsiy ham bor edi. Payshanba kuni Umar Kolumbiya universitetiga borib, namoyish qilayotgan talabalarga qo’shildi.
Bundan bir kun oldin esa universitetga palataning respublikachi spikeri Mayk Jonson ham bordi. U yahudiy talabalar bilan uchrashdi, ularni yolg’izlatib qo’ymasligini aytdi, namoyishchilarga o’qishga qaytishni tavsiya qildi.
Minnesota universitetida namoyishga chiqqan talabalar oliygoh rahbariyatidan Isroilga G’azoda harbiy amaliyotini olib borishda yordam berayotgan tijoriy kompaniyalar bilan aloqani uzishni talab qildi.
Indiana universiteti, Konnektikut universiteti, Kaliforniya davlat politexnika universitetida ham Falastinga xayrixoh namoyishlar kuzatilmoqda.
Garvard universiteti rahbariyati universitet hovlisiga yetaklovchi aksariyat darvozalarni yopib, odamlarni talabalik guvohnomasiga qarab ichkariga kiritmoqda.