YAMAN
Yaman poytaxti Sanoda minglab odamlar juma namozidan chiqib, universitet yonida namoyish qilgan. Ular prezident Ali Abdulla Solihni iste'foga chaqiryapti.
Bugun shaharda hukumat tarafdorlari ham namoyish qilgan. Davlat matbuotiga ko'ra, mamlakat rahbari xavfsizlik kuchlariga ikki tomon orasida to'qnashuvlarga yo'l qo'ymaslikka buyurib, zo'ravonlikni qo'zg'atishi mumkin bo'lgan ig'vogarlardan ehtiyot bo'lishga da'vat etgan.
MISR
Misr poytaxti Qohirada minglab odamlar yana Tahrir maydonida to'planib namoyish qilgan. Biroq bu safar ular mamlakat boshqaruvini qo'lga olgan harbiylardan va'da qilingan islohotlarni tezlatishni talab qilmoqda. Xususan, namoyishchilar hokimiyatdan ag'darilgan prezident Husni Muborak qo'li ostida ishlagan rasmiylarning hali ham vazirlar mahkamasidan ketmaganidan norozi. Ular mahkamaga yangi odamlarni tayinlashni talab qilmoqda.
Omma Oliy harbiy kengashni 30 yildan beri hukm surgan favqulodda holatlar haqidagi qonunni bekor qilishga da'vat etmoqda. Kengash namoyishchilarni tarqalib, ishga qaytishga chaqirgan.
Ular esa "talablarimiz qondirilmaguncha, har juma maydonga chiqamiz" deya xitob qilmoqda.
IROQ
Iroqda kommunal xizmatlar sifati va davlat tizimidagi korrupsiyadan norozi odamlar namoyish qilib, politsiya bilan to'qnashgan. Kamida 5 kishi o'lgan. Namoyishlar Havija va Basra shaharlarida bo'lib o'tgan.
Poytaxt Bag'doddagi Tahrir maydonida ham odam gavоum. Mashinada yurishga komendant soati jory etilgani bois xalq maydonga yayov ketyapti.
Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy kecha televideniye orqali odamlarni namoyishga chiqmaslikka da'vat etgan. Uning aytishicha, buning ortida jangarilar va sobiq marhum rahbar Saddam Husayn tarafdorlari turibdi va ular zo'ravonliklarni qo'zg'atishni maqsad qilgan.
Yamanda namoyishlar tinmayapti. Misrda omma harbiylardan islohotlarni tezlatishni talab qilmoqda. Iroqda ham namoyish.