Minnesota shtatida qurolsiz qora tanli erkak politsiya qo’lida halok bo’lishi ketidan boshlangan namoyishlar AQShning kamida 30 shahriga tarqaldi. Minnesota, Jorjiya, Kentukki, Viskonsin, Kolorado va Ogayodagi shaharlarga Milliy Gvardiya askarlari safarbar etilgan. Ayrim joylarda vaqtinchalik komendantlik soati joriy etilmoqda.
Prezident Donald Tramp tinch namoyishlarni qo’llab-quvvatlashini aytmoqda, lekin tartibsizlikka yo’l qo’yilmaydi, deydi u.
Minnesota shtati, Minneapolis shahridagi voqeada oq politsiyachi qora tanli Jorj Floydni hibsga olib, yetga yotqizib, bo’yniga tizzasi bilan qariyb 9 daqiqa bosib turgan. Floyd vafot etgan.
U qurolsiz va kishanlangan edi. Mobil telefonda yozilgan videoda “Nafas ololmayapman” deb aytayotganini ko’rish mumkin. Politsiyachi Derek Shovin ishdan bo’shatilgan, hibsga olingan va uchinchi darajali qotillikda ayblanmoqda.
Prezident Donald Tramp tergov ishlarini tezlashtirishni so’ramoqda.
“Fuqarolarning tinch namoyish qilish huquqini qo’llab-quvvatlaymiz. Ammo vaziyat Minneapolisda bo’lgani kabi izdan chiqib ketmasligi kerak”, - deydi prezident.
“Twitter” ijtimoiy tarmog’i Tramp yozdan tvitlardan birini “zo’ravonlikni ulug’lash” deya tamg’alab, unga ogohlantirish berdi. Bunga prezidentning “talonchilik boshlansa, namoyishchilar otiladi” degan ma’nodagi, irqchilik ruhidagi iborani yozgani sabab bo’ldi.
“Davlat rahbari irqiy ziddiyat qo’zg’ayapti. Vaziyat shundoq ham qaltis. Tramp 2016-yilda Oq uyga kelganidan beri bu borada ahvol yanada yomonlashdi. Aslida irqchilik muammosi yuzlab yildan beri bor. Prezident olovga moy sepyapti”, - deydi professor Kit Mayes.
Minnesota gubernatori Tim Volz afro-amerikaliklarning o’nlab yillik dardini e’tirof etar ekan, talonchilik va zo’ravonlik to’xtashi kerak, deydi.
“Zo’ravonlik jamiyatni yemiradi va e’tiborimizni asosiy mavzudan chalg’itadi. Kuppa-kunduz kuni fuqaroni bu kabi ushlab turishga yo’l qo’ygan institutsional irqchilik masalasi bilan shug’ullanishimiz kerak”, - deydi gubernator.
Norozilik aksiyalari mamlakat bo’ylab tarqaldi. Kentukki shtatida esa politsiya mart oyida qora tanli ayolni o’z uyida otib o’ldirgani uchun namoyishchilar adolat talab qilmoqda. Ularning yetti nafariga o’q uzilgan.
“Ilgari har bir o’lim uchun derazamizda bayroq osib qo’yardik. Endi bu ishni ijtimoiy tarmoqlarda ham qilishimiz kerak”, - deydi diskriminatsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilot rahbari Derik Jonson.
Delaver shtatidagi uyidan turib qilgan murojaatida prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden Floydning o’limida irqchilikni sabab qilib ko’rsatdi.
“Teskari qaray olmaymiz, jim turolmaymiz. “Nafas yetishmayapti” degan so’zlarni eshitganda, yo’limizda shunchaki davom etolmaymiz”, - deydi Bayden.
AQSh shaharlarida namoyishchilar va politsiya kuchlari katta sonda ko’chalarga chiqishi koronavirus yanada kengroq tarqalishiga olib keladi, degan xavotirlar ham bor.