Putin va Obama BMTda bir-birini tanqid qildi

Dushanba kuni BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida davlat rahbarlari ishtirokida asosiy ma’ruzalar boshlandi. Prezident Obama AQShning xalqaro sahnadagi siyosati, Suriya, Eron va boshqa mavzularda 40 daqiqa so’zladi, Rossiyani ochiqchasiga tanqid qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 25 daqiqalik chiqishi davomida “Islomiy davlat”ga qarshi kurash, BMT va xalqaro qonunchilik ahamiyati, Ukraina mojarosi haqida gapirdi, AQShning Sovuq urushdan keyingi siyosatini dunyo xavfsizligiga tahdid sifatida keltirdi.

So’nggi ikki yildan beri AQSh va Rossiya munosabatlarida taranglik kuchaygan. BMT minbari har ikki davlat rahbarlariga bir-birining siyosati bo’yicha shikoyat va e’tirozlarini boshqa mamlakatlar yetakchilari qarshisida bildirish imkonini berdi va har ikkisi bu imkoniyatni qo’ldan boy bermadi.

Minbarga avval Barak Obama chiqdi. U xalqaro mojarolarni hal etishda hamkorlik va diplomatiyadan foydalanish kerakligiga urg’u berdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama va Putin BMTda bir-birini tanqid qildi

"Agar biz hamkorlik qila olmasak, oqibati hamma uchun birday yomon bo'ladi. Hamkorlik qilganda esa har qachongidan kuchlimiz", - dedi Obama.

AQSh rahbari dunyo tarixidagi eng kuchli armiyaga qo’mondon ekanini eslatib, zarur bo’lsa, Amerika va ittifoqchilarini himoya qilishda bir tomonlama harbiy kuch ishlatishga tayyor ekanini bildirdi.

Vladimir Putin 24 daqiqalik ma’ruzasida AQSh nomini faqat bir bor tilga oldi, ammo mazmun jihatdan uning chiqishi asosan Amerika haqida bo’ldi. Uning aytishicha, Sovuq urush tugaganidan so’ng dunyoda hukmronlik qilishning yagona markazi qoldi.

“Bu piramidaning cho’qqisiga chiqganlar harbiy qudrat va tanholigimiz tufayli nima qilish kerakligini hammadan yaxshi bilamiz, deya o’ylay boshlashdi”, - deydi Putin.

Rossiya rahbariga ko’ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada inqiloblar eksporti boshlandi va chetdan agressiv aralashuv ayrim mamlakatlarda davlat tizimlarining barbod bo’lishiga olib keldi.

“Bunday vaziyatni keltirib chiqarganlardan “nima qilib qo’yganingizni tushunyapsizmi” deb so’ragim keladi”, - deydi Putin.

Uning aytishicha, Ukrainada ham tashqi kuchlar aralashuvi tufayli qonuniy hukumatga qarshi qurolli isyon amalga oshirildi.

Biroq Obamaning aytishicha, diktaturalarning qulashida nodavlat tashkilotlar ishtirokiga ishora qilish to’g’ri emas.

“Raqibingizni qamoqqa tashlashingiz mumkin, biroq g’oyani qafasda ushlab turolmaysiz. Axborotni cheklashga harakat qilishingiz mumkin, ammo yolg’onni haqiqatga aylantira olmaysiz. Korrupsiyani fosh qilish - AQSh moliyalagan nodavlat tashkilotlar fitnasi deb ko’ravermaslik kerak. Bunga texnologiya sabab, ijtimoiy sahifalar hamda odamlarning boshqaruvga doir munosabati sabab”, - dedi Obama.

Uning aytishicha, Suriyada diktator Bashar Assad unga qarshi chiqgan namoyishchilarni kuch bilan bostirib, o’z xalqini qonga beladi. Natijada, odamlar isyon ko’tarib, uni hokimiyatdan olishga harakat qilmoqda, deydi Obama.

Rossiya prezidenti nazarida esa Iroq, Liviya, Suriyada rahbarlar va hukumatlar xorijiy kuchlar va ular tomonidan tayyorlangan va qurollangan ichki muxolifat tajovuziga uchradi. Natijada, davlatchilik qulab, bo’shliqni terror guruhlari to’ldirdi, “Islomiy davlat” yuzaga keldi, deydi Putin.

“G’arb islomiy kuchlardan o’ziga yoqmagan dunyoviy tuzumlarga qarshi foydalanib keldi. “Islomiy davlat” kuchayib, katta hududlarni egallamoqda. Yevropa qochqinlar oqimi bilan yuzlashmoqda”, - dedi u.

Obama “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Rossiya va Eron bilan hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi. Putin jangari guruhlarga qarshi keng va tom ma’noda haqiqiy koalitsiya tuzishni, uning tarkibiga musulmon davlatlarni va Assad hukumatini ham qo’shishni taklif qildi. Assadni mojaro boshidan hokimiyatdan ketishga chaqirib kelayotgan Obama ma’muriyati u bilan ishlashga tayyormi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas.

So’nggi kunlarda mavzu yuzasidan AQSh va Rossiya rasmiylari o’rtasida muloqotlar kechmoqda va hali yana davom etishi kutilmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashida raislikni qabul qilishga hozirlik ko’rayotgan Rossiya yangi tashabbuslar bilan chiqadi, dedi Putin.

Qo’shma Shtatlarning bu tashabbuslarga munosabati “Islomiy davlat”ga qarshi kurashning nechog’lik samarali bo’lishini ta’minlaydi.