Breaking News

Peskov: Putin va Obama dushanba kuni uchrashadi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, AQSh va Rossiya rahbarlari dushanba kuni Nyu-Yorkda uchrashadi.

Peskovga ko'ra, Putin Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan ham uchrashadi.

AQSh va G'arb davlatlari Rossiyani Qrimni o'ziga qo'shib olganlikda hamda Ukraina sharqida separatistlarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblar hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo'llar ekan, Obama Putin bilan uchrashishdan bosh tortib kelayotgan edi. So'nggi bor ikki arbob o'tgan yil noyabr oyida Pekindagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti doirasida ko'rishgan.

Prezident Bashar Assad tuzumiga qarshi chiqayotgan Qo'shma Shtatlar so'nggi kunlarda Rossiyaning Suriya hukumatiga harbiy ko'makni oshirishidan bezovtalanib, AQSh mudofaa vaziri, davlat kotibi hamda Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari rossiyalik hamkasblari bilan muloqot qila boshlagan.

Rossiyaning Yaponiya bilan ham aloqalari murakkablashgan. Tokio G'arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo'shilgan, Kremldan Ikkinchi jahon urushi natijasida tortib olingan Kuril orollarini qaytarishni talab qilib keladi.

AQSh, Rossiya va Yaponiya rahbarlari 150 dan ortiq mamlakat prezidentlari va bosh vazirlari qatorida kelasi hafta Nyu-Yorkda boshlanadigan BMT Bosh Assambleyasining 70-yubiley yig'ilishida ishtirok etadi.

10 yillik tanaffusdan so'ng Putin yana Bosh Assambleya minbaridan turib so'zlaydi (dushanba kuni).

Obama ma'muriyatiga ko'ra, Putin-Obama uchrashuvi Kreml iltimosiga ko'ra, uyushtirilmoqda.

"Ukraina va Suriyadagi vaziyatni hisobga olganda hamda Moskva bilan chuqur farqlarimizga qaramay, prezident (Obama) Rossiya bilan oliy darajadagi muloqot orqali biror muvaffaqiyatga erishish mumkinligini tekshirib ko'rishni lozim topdi", - deydi AQSh rasmiylaridan biri.

Uchrashuvdan asosiy maqsad Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish, ammo rasmiyga ko'ra, Ukraina masalasi ham ko'tariladi.

Putin oy boshida terrorga qarshi xalqaro koalitsiya tuzishni taklif etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG