Fors ko'rfazi davlatlari Qatar bilan diplomatik aloqani uzdi

  • Amerika Ovozi

Bahrayndagi Qatar elchixonasi

Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi davlatlari, xususan, Misr, Yaman va Maldiv orollari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Doxaning terrorchi guruhlar bilan aloqasi haqidagi da'volar sabab bo'lgan. Shuningdek, ko'plab mintaqa davlatlari Qatarga samolyot qatnovlarini bekor qilgan, Saudiya Arabistoni hozircha faqat quruqlik va dengiz orqali kirishni cheklab qo'ygan.

Diplomatik aloqalarning kesilishi Quvayt tomonidan olib borilgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanishi natijasida yuz berdi. Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi davlatlari Qatardan 2014-yilgi kelishuv shartlarini bajarishni talab qilmoqda. Unga ko'ra, jangari guruhlarni qo'llab-quvvatlash mumkin emas.

Mintaqa davlatlari, shuningdek, Doxani Eron bilan aloqalarini uzishga chaqirmoqda. Ularga ko'ra, Tehron terrorizmning asosiy homiylaridandir.

Avstraliyada mudofaaga oid konferensiyada qatnashgan AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Fors ko'rfazi davlatlarini o'zaro tafovutlarini ijobiy hal qilib olishga undadi.

"Tomonlar muzokaralar stoliga o'tirib, bu farqlarni ko'rib chiqishlari kerak, deymiz. Ularga bu borada yordam berishda bizga biror vazifa bo'lsa, yordam berishimiz mumkin. Mintaqa davlatlari birlashgan bo'lishi muhim", - dedi u.

Qatar bilan aloqani uzganlar orasida Misr ham bor. Qohiraga ko'ra, Doxa Liviya va Sudandagi terrorchi guruhlarni qo'llab-quvvatlamoqda. Ikki hafta avval nasorolarni olib ketayotgan avtobusga hujum qilib, o'nlab odamlarni o'ldirganlikda ayblangan jangari guruh ulardan biri.

Qatar hukumati moliyalaydigan "Al-Jazira" telekanalining mamlakat tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, Fors ko'rfazi hamkorligi kengashi a'zolarining bu da'volari asossiz. Vazirlikning aytishicha, bu borada Doxaga qarshi olib borilayotgan media kampaniya dunyoni ishontira olmagan.

Qatar boshqa islomchi guruhlarga, xususan, Xamas, Tolibon va Liviyadagi "Ansor al-Sharia"ga ham aloqador, degan edi o'tgan oy AQShning sobiq mudofaa vaziri Robert Geyts.

"Ular biz muammoli deb hisoblagan guruhlarni moliyalab keldi. Shu bois Qatar bilan bog'liq ko'p masalalar bor. Qo'shnilar ham Qatarni muammo deb hisoblaydi. Ularga ko'ra, Qatarning siyosati va "Al-Jazira" mintaqada beqarorlikni oshirmoqda", - deydi Geyts.

Unga ko'ra, Qatar ilgari ayrim jangarilarni mamlakatdan chiqarib yuborish yoki ularning bank hisoblarini muzlatish bo'yicha AQSh talablarini bajargan, ammo terrorchilarni tergov qilish yoki faoliyatiga chek qo'yish bo'yicha jiddiy qadamlarni tashlamagan. Shunday kelishmovchiliklarga qaramay, Qatarda ulkan AQSh bazasi bor va yuk tashish masalasida AQShga ko'p yordami tekkan.

AQSh Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Ed Roysning aytishicha, yaqinda Riyodda o'tgan sammit ortidan Saudiya Arabistonida terrorizmni qo'llab-quvvatlaydigan davlatlarni kuzatish va ularga qarshi chora ko'rish bo'yicha markaz ochishga kelishib olingan.

"Biz qilishga urinayotgan narsalardan biri bu hukumatlarning barchasini bitta kelishuvga yig'ish. Bu yerda mazkur muammoga, avvalo, o'zlari tomonidan e'tibor qaratilib, to'g'ri yo'ldan ketayotgan davlatlar va "Musulmon birodarlar" kabi zo'ravonlikka moyil tashkilotlarni qo'llab-quvvatlayotganlar orasida tafovutlar belgilab berilishi kerak", - dedi Roys.

Qatar bilan ulkan gaz konini birga ishlatadigan Eron Doxani yakkalab qo'yishga qaratilgan so'nggi choralardan xavotirda.

Qatar bilan yaqin aloqaga ega va mamlakatda harbiy baza ochish niyatini bildirgan Turkiya esa so'nggi munozarada tomonlar o'rtasida vositachilik qilish taklifini bildirgan.