Arab dunyosi ga’layonlar ichida ekan, Qatar, Fors ko’rfazidagi mitti va boy davlat, o’zining mintaqadagi rolini oshirishga intilmoqda. Ammo o’zi demokratik bo’lmagan bu tuzum ulkan o’zgarishlarni boshdan kechirayotgan jamiyatlarga o’rnak bo’la oladimi?
So’nggi oylarda Qatar jahon hamjamiyati olqishlariga sazovor bo’ldi.
Mart oyida bu kichik davlat NATO qo’shinlari tarkibida o’z askarlarini Liviyaga yubordi. Bu bilan u Muammar Qaddafiyga qarshi kuchlarni qo’llab-quvvatladi.
Ko’p o’tmay Qatar Liviyadagi isyonchilarni mamlakatning qonuniy vakillari sifatida e’tirof etdi.
Liviyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun davlatlar aynan Qatarda yig’ildi. Doha Liviyadagi muvaqqat hukumatga 400 million dollar madad ajratishqa qaror qilganini ma’lum qildi.
Dohada joylashgan Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori Mehran Kamravo fikricha, ushbu harakatlar Qatarning mintaqadagi muhim o’rnini yana bir bor tasdiqladi.
”Qatarning Liviyadagi jarayonlarga jalb etilishini kutilmagan hodisa deb bo’lmaydi. Aksincha, ushbu harakatlar Qatar faol diplomatiya olib borayotganini isbotladi”.
Nyu-Yorkdagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Elliott Abrams esa Qatar Liviyaga yordamlashsa-da, amirlik o’z manfaatlarini ilgari surayotganiga e’tibor qaratadi.
”Isyonchilarni qo’llab-quvvatlash borasidagi qaror hech qanday buyuk qadriyatga asoslanmagan, ya’ni Qatar demokratiya va inson huquqlari yo’lida kuyunmayapti”.
Masalan, deydi Abrams, Qatar Bahraynda hukumatga qarshi namoyishlarni qo’llamadi.
Bahrayndagi ommaviy chiqishlar kuch bilan bostirildi. Qatar amiri Shayx Hamad bin Halifa al-Taniy buni qo’llab-quvvatladi.
Tashqi siyosatidagi yana bir o’ziga xos omil shuki, Qatar ham Amerika, ham uning dushmani Eron bilan hamkorlik qiladi.
Tahlilchilar fikricha, Liviyadagi vaziyatdan ham Qatar foyda ko’rmoqchi, chunki Liviya iqtisodiy imkoniyatlarga boy. Ammo bu borada Qatarning qator boshqa mamlakatlar bilan bellashishiga to’g’ri keladi.
Nyu-Jersi shtatidagi Ratgers universiteti olimi Tobi Jons deydiki, Liviyadagi tiklanish jarayonida qaysi davlat qay tarzda ishtirok etishini aytish qiyin. Hozir hamma va’da berish bilan band, amalda nima bo’ladi, noma’lum.
Liviya – qora oltin makoni. Bu masalada Qatar Xitoy, Rossiya va G’arb davlatlari bilan bellashishga majbur.