Kentuki shtatidan senator Rend Pol prezidentlikka nomzodini e’lon qilgan ikkinchi respublikachi arbob bo’ldi. Pol Respublikachilar partiyasining konservativ qanoti bo’lmish Choychilar harakatining a’zosi, liderlaridan. Ba’zida u ayrim masalalar bo’yicha partiya rahbarlari bilan chiqisholmagan.
Senator Rend Pol prezidentlikka nomzodini Luivl shahrida ko’plab tarafdorlari oldida e’lon qildi.
“Amerikaning kelajagi xususidagi rejalarimizni dadil e’lon qillishimiz kerak. Konstitutsiya va Huquqlar qonuniga asoslangan erkinlik bayrog’i ostida dadil qadam tashlashimiz kerak”, - deydi senator.
Polning ham libertarianlik oqimi tarafdorlari, ham Choychilar harakati faollari orasida obro’si baland. U hukumatni kichraytirib, shaxs erkinligini kuchaytirish tarafdori.
Tashqi siyosatda Pol davomiy harbiy amaliyotlarga qarshi, Amerikaning xorijda davlatchilik bilan shug’ullanishini istamaydi. Biroq prezidenltikka saylansa, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashishini aytadi.
“Radikal islom bizga dushman. Uni aylanib o’tib bo’lmaydi. Amerikani insoniyatga qarshi bu guruhlardan himoya qilish uchun barcha choralarni ishga solaman!” - deydi u.
Rend Polning tashqi siyosatga doir qarashlari konservativ guruh tanqidiga uchradi.
“Rend Pol adashyapti, u xavfli odam. Obamani Eron masalasida qo’llab-quvvatlayotgani xato ish. Eronda bir dona atom bombasi bo’lsa ham fojia deyavering” - deyiladi siyosiy reklamalarning birida.
Polning tashqi siyosatga ehtiyotkorona yondashuvi uni Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogar boshqa arboblardan ajralishiga sabab bo’ldi, deydi respublikachilarning strategi Ford Okonnel.
“Oldingi prezident saylovlaridan farqli o’laroq, bu gal milliy xavfsizlik masalalari saylovchilar uchun eng muhim mavzulardan biri bo’ladi. Rend Polning liberal qarashlari bu masalada unga pand berishi mumkin. U saylovchilarga murosasiz jangchi ekanini isbotlashi lozim”, - deydi Okonnel.
Kentukilik senator kichikroq markaziy hukumat g’oyasini qo’llab-quvvatlovchi ham liberallar, ham Choychilar harakati faollarini o’ziga qaratmoqchi, deydi respublikachi strateg Fillip Stats.
“Choychilar harakatining asosida ijtimoiy emas, iqtisodiy konservatizm yotishini unutmaylik. Ular hukumatni kichraytirish, soliqlarni kesish tarafdori va banklarga moliyaviy yordam berishga qarshi”, - deydi Stats.
Rend Poldan sal avval Respublikachilar partiyasining yana bir a’zosi, texaslik senator Ted Kruz o’z nomzodini e’lon qilgan. Kuzatuvchilarga ko’ra, respublikachi da’vogarlarning ro’yxati katta bo’lishi kutilmoqda.