AQSh Konstitutsiyasida "davlat cherkovdan ajratilgan" degan band bor. Ya'ni mamlakatda rasmiy din bo'lmaydi va fuqarolarning e'tiqod qilish erkinligi kafolatlanadi. AQSh asoschilaridan biri Tomas Jefferson bosh qomusda ana shu satrlarning bitilishiga sababchi bo'lgan. Biroq Amerikadagi ba'zi mutaxassislar nazarida hukumat dinga jiddiy e'tibor qaratishi lozim.
Chikagoda joylashgan Global masalalar kengashi nodavlat tashkiloti o'tkazgan yangi tadqiqot xulosasi shuki, agar AQSh hukumati dinga diqqatni kuchaytirsa, tashqi siyosatdagi maqsadlarga erishishi osonlashadi.
Loyiha rahbari Tomas Raytning aytishicha, diniy arboblar jahon siyosatida borgan-sayin muhim rol o'ynamoqda.
"Ayniqsa bu so'nggi 10 yilda yaqqol ko'zga tashlangan. Biroq Qo'shma Shtatlar ular bilan muloqotni haligacha yo'lga qo'ygani yo'q", - deydi tadqiqotchi.
Masalan, uning fikricha, AQSh hukumati Iroq va Afg'onistonda terrorizmga qarshi kurashda bu mamlakatlarda xalq obro'siga ega diniy arboblardan foydalanmagan. Tinchlikni targ'ib qila oladigan diniy faollar bilan ittifoq tuzib, beqaror hududlarda ularning obro'-nufuzi va tajribasidan foydalanish zarur, deydi Rayt. Prezident Obama o'tgan yili Qohirada nutq so'zlaganida, ana shu siyosatga urg'u bergan edi.
"AQSh hukumatida jahon siyosatida dinning rolini, mamlakat ichkarisidagi diniy jamoalar bilan hamkorlik mohiyatini tushunadigan odamlar ko'proq bo'lishi zarur. Xorijdagi diniy jamoalar bilan hamkorlik ko'lamini oshirib, nafaqat xavfsizlik masalari doirasida, balki ta'lim, iqtisodiy taraqqiyot, biznes, fan va texnologiya sohalarida ham muloqot qilish zarur", - deydi mutaxassis.
Raytning aytishicha, Afg'onistonda harbiylar din va diniy jamoalarga e'tiborliroq bo'lsa, ularni tushunsa, ziddiyatlar kamayadi. Rasmiy Vashington AQSh tashqi siyosatidan norozi diniy-siyosiy partiyalar bilan ham muloqotdan qaytmasligi lozim.
Global masalalar kengashi tadqiqoti xulosasiga ko'ra, din va diniy arboblar yordamisiz mojarolarni hal qilish, tinchlikni o'rnatish oson bo'lmaydi. G'arb va islom dunyosi munosabatlarini targ'ib qiluvchi Kordoba Tashabbusi tashkiloti raisi, imom Fayzal Abdul Rauf bu fikrga qo'shiladi.
"Din muammoning bir qismi bo'lganidek, muammo yechimining ham ajralmas bo'lagiga aylanishi zarur. Diniy omildan foydalanilmasa, muammo ko'lami yanada kengayadi", - deydi u.
Imom Abdul Rauf nazarida AQSh diplomatiyasi jamoalarning diniy qadriyatlarini hisobga olsagina, ularni hurmat qilsagina, davomiy tinchlik o'rnatish mumkin bo'ladi.
Biroq Amerika dunyoviy koalitsiyasi rahbari Shon Feyrklot fikricha, tashqi siyosatni dinga asoslab yuritish yaxshilikka olib kelmaydi. Feyrklot Iroqni misol tariqasida keltiradi.
"Jorj Bush Iroq urushini "Salib yurishi" deb atab, qarorlarini qabul qilishda ilohiy kuchga, Injilga tayanishini aytar edi. Bu tashvishlanarli hol va Amerikaning asosiy qadriyatlariga ziddir", - deydi mutaxassis.
Feyrklot nazarida turli mamlakatlardagi diniy ahvolga e'tiborliroq bo'lish to'g'ri, albatta, biroq jahon fuqarolarining hayotini yaxshilash uchun, dini va dinga sig'inishidan qat'iy nazar, dunyoviy usullardan foydalangan afzal.
"Tashqi siyosatimiz dunyoviy bo'lishi lozim. Konstitutsiyamiz kabi fuqarolarga yordam berishga qaratilgan bo'lishi zarur. Nasroniylar yoki musulmonlar xudosidan olingan ko'rsatma asosida emas, balki xalq nomidan xalq uchun bitilgan konstitutsiyaga tayanishi kerak", - deydi Feyrklot.
Imom Abdul Raufning ta'kidlashicha, tashqi siyosatda diniy omil xato qo'llansa, vaziyat yanada murakkablashadi.
"Har bir narsada bo'lgani kabi, din ham suiiste'mol qilinsa, oqibati yaxshi bo'lmaydi. Dindan ko'prik sifatida foydalanish kerak xolos", - deydi imom.
Global masalalar kengashi izlanishida aytilishicha, diniy yondashuvdan butunlay voz kechmaslik kerak, aks holda bundan diniy ekstremizm emas, dinning o'zi zarar ko'radi.
AQShda chiqqan yangi izlanish xulosasi shuki, AQSh tashqi siyosatdagi maqsadlariga erishmoqchi bo'lsa, diniy jamoalar bilan hamkorligini kuchaytirishi zarur.