O’zbekiston e’tiqod erkinligi bag’oyat cheklangan davlatlardan biri sifatida tilga olinib, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar uni diniy huquqlarni hurmat qilishga undab keladi. Mustaqil huquqshunoslar diniy kiyim va manbalarga qo’yilgan cheklovlarni mujmal va mavjud qonunlarga zid deya baholaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Dilorom Abdullayeva uch mamlakatda huquqshunoslik sohasini o’qigan – O’zbekiston, Yaponiya va Amerika. Aynan inson huquqlari va uzviy erkinliklar bo’yicha ilm olgan. Abdullayeva jamiyatning huquqiy ongini oshirish yo’lida hissa qo’shishga bel bog’lagan nohukumat tashkilot “Tashabbus” asoschilaridan va uning rahbari.
Mutaxassisning aytishicha, bir narsa oydek ravshan: O’zbekiston BMTning Inson huquqlari bo’yicha umumjahon deklaratsiyasini tan olgan va qabul qilgan. Uning 18-moddasiga ko’ra, inson o’zi istagan dinga erkin ibodat qilib, o’z fikr-qarashlarini bemalol bildirishga haqli. Fuqaro huquq qatorida o’z burch va majburiyatlariga ham ega, xususan, zo’ravonlik qilmaslik, tinch yo’l bilan e’tiqod qilish.
Jorj Vashington universitetida o’tgan davra suhbatida Abdullayeva O’zbekistonda diniy liboslarga munosabat va ularga qo’yilgan cheklovlar haqida gapirdi.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 14-moddasi 5-bandiga ko’ra, fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo’l qo’yilmaydi. Faqatgina diniy tashkilotlarning vakillariga ruxsat beriladi, xolos.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 184-moddasi 1-bandi esa jazo nimadan iborat ekanini uqtiradi: eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarichaga miqdorda jarima yoki o’n besh sutkagacha ma’muriy qamoq.
Konstitutsiya fuqarolarning din va vijdon erkinligini kafolatlaydi:"Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Fuqaro o’zining dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishga, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga o’z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo’l qo’yilmaydi."
Dilorom Abdullayeva tahlilicha, hijob musulmon ayollarning nomahram erkaklar huzurida doimo kiyishi lozim bo’lgan libosdir. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar bo’yicha qo’mitaga ko’ra esa, hijobda yurish “ibodat libosi” hisoblanmaydi, chunki islomda “ibodat libosi” tushunchasi mavjud emas.
Muammo shundaki, deydi Dilorom Abdullayeva, “ibodat libosi” nima ekani tushuntirilmaydi. Hukumat islomda “ibodat libosi” yo’q deb turib, yana uni man etmoqda. Masala rasman sharhlanishi va oydinlashtirilishi kerak, deydi huquqshunos.
Jamoat joylari, maktab va universitetlarda ayollarga hijobda yurishga ruxsat yo’q. O’zbekiston islomiy emas, dunyoviy tuzum ekanini hisobga olgan taqdirimizda ham, deydi mutaxassis, fuqaroning uzviy huquqlari, bu yerda, xususan, o’z e’tiqodiga erkin amal qilish huquqi, nima uchun cheklanayotganini tushuntirish lozim. Chunki shaxsning din va vijdon erkinligiga zid qarorlar qabul qilinmoqda va fuqaro uning ustidan shikoyat qilishga haqli.
Mirakmal Niyazmatov “Tashabbus” asoschilaridan biri va vitse-prezidenti. O’zbekiston va AQShda o’qigan. Jorj Vashington universitetidagi ma’ruzasida u joriy yil boshida Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorni sharhlab berdi.
Bu nizomga ko’ra, 2014-yilning 20-yanvaridan binoan diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish davlat ekspertizasi asosida amalga oshiriladi, ya’ni jarayonni Diniy ishlar bo’yicha qo’mita nazorat qiladi.
Diniy mazmundagi material deb hukumat e’tiqod asoslari, tarixi, mafkurasi, ta’limoti va marosimlari haqidagi manbalarni nazarda tutmoqda. Tekshiruv 10 kuni ichida amalga oshirilishi kerak. Bu boradagi cheklovlar oldin ham bor edi, deydi Niyazmatov, bu yilgi qaror ularni mustahkamlashi ko’zda tutilgan. Mutaxassis fikricha, nizom masalani chigallashtirdi, xolos.
Olib kirilayotgan materiallar “diniy mazmunda” ekanligi qanday belgilanadi? Tegishli davlat organi, masalan, bojxona noziri, qo’liga tushgan har bir kitobni varaqlab o’qib chiqadimi? Uquvi yetadimi?
Diniy mazmundagi materialni tayyorlash va olib kirishga kim, qay tartibda ruxsat beradi?
“Tegishli organ” kim va bu organ masalani hal etishda faqat Diniy ishlar bo’yicha qo’mita xulosasiga asoslanadimi yoki boshqa holatlarni ham e’tiborga oladimi?
Nizomga ko’ra, diniy mazmundagi materiallar kitob, jurnal yoki gazeta, shuningdek, CD, DVD va hokazolar bo’lishi mumkin. “Axborot tashuvchi elektron jismlar” ham tilga olinadi.
Demak, shaxsiy noutbuk, planshet, smartfon, ayfon va fotokameralar hamda xotira disklari va kartochkalar ham nazarda tutilmoqda. Tegishli organ ularni ham tekshirishga va olib qo’yishga haqlimi? Olib qo’ygan taqdirda, bu nima bilan asoslanadi va uni tasdiqlovchi qanday hujjat beriladi? Ularga ziyon yetkazilsa-chi? Ziyon qay tartibda qoplanadi? Ushbu jihozlar egasiga qanday qaytariladi?
Niyazmatov ekspertiza 10 kun ichida bitishiga ishonmaydi. Diniy ishlar bo’yicha qo’mita kichik bir guruh ekanini hisobga olsak, deydi u, xulosaning bu qadar tez chiqishi gumon ostida.
Hukumat olib kirish, tayyorlash va tarqatish nimadan iborat bo’lishini ham aniq ta’riflamaydi.
O’zbekistonda e’tiqodni o’zgartirishga da’vat qilish taqiqlangan. Biroq, deydi huquqshunos, diniy mazmundagi materiallarning ko’pida bunday chaqiriqlar uchraydi. Iymon keltirishga undovchi gaplar ko’p.
Diniy tuyg’ularni haqorat qilish yoki kamsitish ham man etilgan. “Haqorat” yoki “kamsitish” juda keng ma’noli tushunchalardir. Eng “ehtiyotkor” ulamoning kitobidan ham boshqalarning diniy tuyg’ularini yerga uruvchi jumlalarni topish mumkin, deydi Niyazmatov.
Jinoyatga undovchi xatti-harakatlar ham taqiqlangan. Bu qoida ham juda mujmal, deydi huquqshunos. Barcha diniy kitoblarda qonun man etgan narsalarga undalishi mumkin.
Niyazmatov ham bunga yaqqol misol sifatida hijobni tilga oladi. Qonun fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlarini taqiqlaydi. Ammo islomda xotin-qizlarga avratlarini yopish buyurilgan. Ulamolar ayollar hijobda yursin deydi.
Har ikki mutaxassis qonun ustuvorligi tarafdori sifatida har bir hujjat matni aniq, asoslari ravshan bo’lishi kerak deya hozirgi qonun va nizomlarni mujmal va mavhum deya izohlaydi. Hukumat qarorlari bir tomondan uzviy huquqlarga zid bo’lsa, ikkinchi tomondan tushunarsiz.