Din

O'zbekiston yana diniy erkinlik dushmanlari ro'yxatida - AQSh hisoboti

  • Amerika Ovozi

AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi jahon bo'ylab diniy erkinlikka doir yangi hisobotini chop etdi. Bu 1988-yildan beri 16-hisobot.

Unga ko'ra, 33 mamlakatda dindorlar huquqlari poymol etilmoqda. Komissiya Davlat departamentiga qo'shimcha sakkizta davlatni alohida tashvishga molik mamlakatlar ro'yxatiga qo'shishni tavsiya qildi. Bular Markaziy Afrika Respublikasi, Misr, Iroq, Nigeriya, Pokiston, Suriya, Vyetnam va Tojikiston.

Komissiya to'qqiz mamlakatni ro'yxatda qoldirishni ham tavsiya qilmoqda. Bular Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan, Turkmaniston va O'zbekiston.

Hisobotda aytilishicha, O'zbekistonda din haqidagi qonun diniy tashkilotlar faoliyatini hamda fuqarolarning e'tiqod qilish erkinligini keskin cheklaydi.

"Hukumat rasmiy diniy idoralar doirasidan tashqarida dinga sig'ingan shaxslarni qamaydi, ularni ekstremist deb tamg'alaydi", deyiladi hujjatda. Unga ko'ra, ayni damda O'zbekistonda 12 ming odam diniy sabablarga ko'ra qamoq jazosini o'tamoqda.

Shu sabab O'zbekiston AQShning alohida tashvishga molik davlatlar ro'yxatida qoldirilishi tavsiya qilinmoqda. Bunday mamlakatlar Qo'shma Shtatlar sanksiyasiga uchraydi, biroq O'zbekiston 2009-yilda ulardan xoli bo'lgan.