AQSh rasmiylari: Qoshiqchini o'ldirishga shahzoda buyruq bergan

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon

AQSh Markaziy Razvedka agentligining xulosa qilishicha, jurnalist Jamol Qoshiqchini Turkiyada o'ldirishni Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon buyurgan.

Saudiya prokurori bir kun avval shahzodaning bu jinoyatga hech qanday aloqasi yo'qligini e'lon qilgan edi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Saudiyaning 15 razvedka xodimi hukumatga qarashli samolyotda Istanbulga uchib kelgan va konsullikda Qoshiqchini o'ldirgan.

"Vashington Post" gazetasiga maqolalar yozib kelgan Qoshiqchi Saudiya shahzodasi Muhammad bin Salmonning tanqidchisi edi. U 2-oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya konsulligiga uylanishi uchun kerak bo'lgan hujjatni olishga kirib ketib, qaytib chiqmagan. Turkiya hukumati uning ichkarida o'ldirilganini va jasadi nimtalanganini aytadi.

Saudiya arabistonilik jurnalist Jamol Qoshiqchi

Saudiya elchisi o'zi haqidagi da'volarni rad etdi

"Vashington Post"da yozilishicha, Markaziy Razvedka Agentligi bir necha manbalardan olingan ma'lumotlar asosida shunday xulosaga kelgan. Manbalardan biri Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi Xolid bin Salmonning jurnalist bilan telefon orqali o'tkazgan suhbati ekani aytilmoqda. Xolid shahzoda Muhammad bin Salmonning ukasi hisoblanadi.

Telefon qo'ng'irog'ida Xoliq Qoshiqchiga Turkiyadagi konsullikka borsa, unga hech narsa bo'lmasligini aytgan, deb yozadi nashr.

Xolid Qoshiqchi bilan bunday suhbat bo'lganini inkor etdi.

"Janob Qoshiqchi bilan oxirgi marta maktub orqali 2017-yil 26-oktabrda aloqa qilganman va uning biror sabab bilan Turkiyaga borishini hech qachon taklif qilmaganman. AQSh hukumatidan bu da'voga aloqador ma'lumotlarni oshkor qilishini so'rayman", - dedi u "Twitter" orqali.

AQSh sanksiyalari

Saudiya rasmiylarining aytishicha, Qoshiqchining o'limi tasodifiy holat bo'lib, bunga shahzoda Muhammad yoki qirolning aloqasi yo'q.

Turkiya esa bu qotillikning oldindan rejalanganini aytmoqda.

Tramp ma'muriyati shu hafta qotillikka aloqador deb hisoblangan 17 Saudiya rasmiysiga qarshi sanksiya e'lon qildi. Ayrim qonunchilar bu kam ekanini, Saudiya hukumatiga qarshi ham choralar ko'rish zarurligini ta'kidlamoqda.

Prezident Donald Tramp Qoshiqchining o'limi bo'yicha so'nggi xulosa haqida batafsil ma'lumot olgandan so'ng bir qarorga kelishini ma'lum qildi.

"Razvedka idorasi va boshqalar bilan gaplashamiz. Buni samolyotda ekanimda amalga oshiraman. Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan ham gaplashaman", - dedi Tramp Kaliforniyaga uchib ketishi oldidan.

Tramp avvalroq Saudiya Arabistoni bilan qurol savdosiga oid bitim bekor qilinmasligini, 100 milliard dollardan ortiq bu kelishuv AQSh uchun muhimligini ta'kidlagan edi.