AQSh Immigratsiya xizmati Michigan shtatida atayin soxta universitet ochib, agentlar mamlakatda qolishga urinayotgan talabalar hamda ularning hujjatlarini tayyorlab berganlarni qo'lga olgan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Farmington Universiteti" deya nomlangan o'quv dargohi faqat qog'ozda bo'lgan, hech qanday darslar o'tilmagan, ammo hujjatlarni soxtalashtirish bilan shug’ullanuvchilar e’tiborini tortgan.
Hozir ulardan sakkiz nafari hibsda. Ayblov xulosasiga ko’ra, 2017-2019 yillar oralig'ida ular kamida 600 "xorijlikning Amerikada qolishi, mamlakatga qayta kirishi va ishlashi uchun" hujjatlarini rasmiylashtirishga ko’maklashgan.
Qalbaki universitetga yozilgan o'nlab, balki yuzlab odamlarga ham ayblov qo'yilishi yoki deportatsiya qilinishi kutilmoqda.
Qalloblikda ayblanayotganlarning olti nafari Michigan, Florida va Virjiniya shtatlarida qo’lga olingan. Maxfiy operatsiyani AQSh Immigratsiya xizmati firib orqali AQShda qolishga harakat qilayotganlarni fosh etish maqsadida 2015-yildan buyon o'tkazib kelgani ma'lum.
Soxta universitet uchun Michigan shtati, Farmington Hills shahrida hatto ofis ochib qo'yilgan, o'z veb sahifasi ham bo'lgan.
Ayblov xulosasida yozilishicha, bu operatsiya natijasida AQShga kelganlarning vizasi haqiqiy deb topilmaydi. Talabalar hech qanday mashg’ulotlarga qatnamasligini, biror universitetda ta’lim yoki diplom olmasligini oldindan bilgan.
Qo’shma Shtatlarga tahsil olish uchun F-1, M-1, J-1 turdagi vizalar bilan kelgan xalqaro talabalar o'qish tugaganidan keyin 60 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak. Xalqaro ta’lim institutiga ko’ra, Amerikada xalqaro talabalar soni bir milliondan oshiq, ularning yarmi Xitoy va Hindistondan.