Gvatemalalik Yeni Gonzales AQShga noqonuniy kirib kelganda, chegarachilar uni bolalaridan ajratib oldi. U endi farzandlarini qaytarib olish uchun kurash olib bormoqda. Noqonuniy muhojirlarning 2000 farzandi maxsus markazlarda saqlanayotgani aytiladi.
43 kun hibsda saqlangan Yeni Gonzales garov evaziga ozod etildi. U AQShga janubiy chegaradan noqonuniy o'tayotganda qo'lga olingan, yonidagi uch farzandi undan olib qo'yilgan.
Gonzales muhojirlar markazlariga borib farzandlarini qidirmoqda.
"Bolalarimni izlayapman. Juda qiyin bo'lyapti. Bolalarimni bag'rimdan yulib olishdi. Yuragim parcha-parcha bo'ldi", - deydi u.
Gonzales Nyu-Yorkdan 3800 km. naridagi muhojirlar markazida olti hafta saqlandi. Uning uch farzandi ham shu yerga jo'natilgan.
Gonzalesning fig'oni falak.
"Menga xabar bering, deb yalindim, ular yo'q, dedi. Bolalarimning ovozini eshitay, bir necha kundan beri hech narsa bilmayman, dedim. Bilasanmi, seni Gvatemalaga deportatsiya qilamiz va bolalaring hukumatning qo'lida qoladi, deb aytishdi", - deydi ona.
Gonzalesning aytishicha, u bolalarni ota-onasidan ajratish haqidagi siyosatdan bexabar bo'lgan. Bilganimda, bolalarimni hech qachon olib kelmagan bo'lardim, deydi u.
"Kayuga markazi" hozir unga g'amxo'rlik qilmoqda. Gonzalesni garov evaziga qamoqdan ozod qilish uchun ehson yig'ildi.
"Nyu-York shahridagi onalar, ayrim oilalar garov pulini yig'ib berdi. 7500 dollar garov pulini to'lab berishdi. To'langani haqida menga xabar keldi", - deydi ayolning advokati Xose Orechena.
Gonzalesning muhojirlar markazidan ozod qilinishi Birinchi xonim Melaniya Tramp Arizonadagi immigrantlar markaziga tashrif buyurgan bir paytga to'g'ri keldi. Tramp xonim hujjatsiz muhojirlarga oid vaziyatni yaqindan kuzatib kelmoqda.
"Sizlarga yordam berish uchun, oilalar, bolalar uchun qo'limdan kelgan hamma ishni qilishga tayyorman", - dedi u.
AQSh Sog'liqni saqlash vaziri Aleks Azarning aytishicha, bolalar, albatta, oilasi bag'riga qaytariladi.
"Ota-onasidan biri yoki boshqa qarindoshlariga beriladi, lekin ota-onasi hibsda bo'lsa, Kongress va sud o'rnatgan qoidalarga ko'ra, ularni qamoqdagi odamga bera olmaymiz", - deydi u.
Gonzales tez orada bolalarini bag'riga bosishdan umidvor.
Facebook Forum