Xorijdagi o`zbek faollari qo`rquv iskanjasida yashamoqda. Xalqaro Amnistiya tashkiloti yangi hisobotida shunday xulosa qiladi.
Hisobotda rejim qurbonlariga emas, tahdid va tazyiqlarga uchragan faollarning xorijdagi tahlikali, xavotirli hayotiga diqqat qaratilgan. Xulosaga ko`ra, maxsus xizmatlar xorijdagi o`zbek faollarini qo`rquv iskanjasida ushlash uchun zamonaviy texnologiyalardan, ijtimoiy tarmoqlar, ineternetdan, shuningdek, bilvosita jismoniy tazyiqlardan ham keng foydalanib kelmoqda.
Xalqaro Amnistiya tashkilotining "Biz seni qayerda bo`lsang ham topamiz" deb nomlangan hisoboti O`zbekistonda tazyiqqa uchragan jurnalistlar, muxolifatchi va faollarning intervyulariga asoslangan. Ularning ayrimlari bir necha yillardan buyon xorijda yashaydi, ammo hamon maxsus xizmatlarning tazyiqidan qutilmagan. Ayniqsa, vatandagi siyosat, ijtimoiy vaziyatga doir tanqidlar ortidan bunday tahdidlar yanada kuchayishiga guvoh bo`lishgan.
Tadqiqotdan xorijdagi o`zbek faollaridan biri, jurnalist Qudrat Bobojonning intervyusi ham o`rin olgan. Uning aytishicha, hisobot ilg`or zamonoviy texnologiyalar bilan qurollangan o`zbek maxsus xizmatlarining tahdid va tazyiqlar yaratish usulini tadqiq etadi.
"Tahlika yaratish uchun yuqori texnologiyalardan foydalanilmoqda. Bu ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilsa, sizga go`yo katta bir xalq qarshi turgandek taassurot paydo qiladi. Xitoydan, Yevropa, AQSh, Rossiyadan sotib olinayotgan texnologiya faqat faollar ustidan ayg`oqchilik qilishga jalb etilmoqda. Hukumat bu texnologiyalar orqali sizni qayerga borishingiz, nimalar qilyotganingizni kuzatib turibdi. Odamlar har bir qadami o`lchanayotganini bilgach, vahimaga tushadi. Boshqa tomondan, bu texnologiyalar odamlarning hayotiga noqonuniy tarzda kirib bormoqda. Stalin davrida aytilgan "devorning ham qulog`i bor" degan jumla O`zbekiston misolida reallik kasb etgan. Bir misol, o`zbekistonliklar xorijda Navro`zni bayram qilishmoqchi bo`ldi, ammo bunga ko`pchilikdagi shu xavotir to`sqinlik qildi, o`zbeklar hukumat kuzatib yurganini bilishadi“, - deydi jurnalist.
Xalqaro tashkilot hisoboti maxsus xizmatlar qo`rquv muhiti yaratishga muvaffaq bo`lgani, xorijdagi o`zbek faollari, aksariyat hollarda vatandagi yaqinlari taqdiridan qo`rqib vahima iskanjasida yashashga mahkum etilganiga diqqat qaratadi.
Shvetsiyada muhojirlikda yashayotgan faollardan biri Muhammadsolih Abutov mamlakatda ham, xorijda ham tazyiqlardan xoli bo`lmagan. Mamlakat ichkarisida bevosita qiynoqlarni boshdan kechirgan faol, xorijga chiqib ketishi ortidan vatandagi qarindoshlariga ko`rsatilyotgan tahdidlardan ogoh qilingan.
“Uydagilar bilan gaplasholmaymiz, gaplashsak ular qo`rqishadi. Ota-onam o`tib ketgan, Alloh rahmat qilsin. Akam, singlim bor, ularga nisbatan bosimlar bo`lgan, militsiya kelib ularni menga qarshi gapirtirishga majbur qilgan. Bunday bosimlar ko`p va rejimlarga xos narsa, ular doim josus izlashadi, internet kovlashadi. Hukumatga qarshi bir narsa yozsa, yoki bir sms uchun ham qamaydi. Bunga turli trollar safarbar qilinadi. Bular hammasi bor. Telefon, aloqalaringiz nazoratda.Tanishlarimdan biriga qo`ng`iroq qilib, farzand ko`rgani bilan tabriklagan edim, bilsam, men bilan gaplashgani uchun uni rosa bosimga olishgan. Militsiya oldida men bilan aloqaga chiqishga majbur qilishgan”, - deydi Abutov.
Faolga ko`ra, maxsus xizmatlarning xorijdagi o`zbeklarga nisbatan bu bosimlari izsis ketmadi. O`zbeklar vahimaga va turli xavotirlarga chulg`angan jamoaga aylandi. Bu muxoliflik darajasidagi faoliyatda, xorijdagi o`zbeklarning oddiy hayot tarzida ham kuzatiladi.
“Xorijdagi muxolifatning namoyishlarida odamlar yuzini berkitishga majbur yoki plakatlar ortida turishga harakat qiladi. Internetda ko`rinmaydi, qiyofasini o`zgartiradi. Eshmat, Toshmat degan turli nomlarni olishadi. Videoda ko`rinishdan qo`rqadi. Shvetsiyada yuzlab odamlar bor, rejim tazyiqidan qochib kelgan. Dindorlar, kelganiga 10 yildan oshdi, ammo hozirgacha yopiq, sirli hayot kechirishga majbur. Bo`lmasa, Shvetsiya fuqaroligini olishgan, ismlari ham ayrimlari shvedcha, ammo hammasida qo`rquv hukmron. Men buni oqlamayman, albatta, o`zbek hukumatining zulmi, zo`ravonligi bu fakt. Buni biz o`z tanamizda o`tkazganmiz”, - deydi Abutov.
Siyosiy qochqinlikda yashayotgan yana bir faol To`lqin Qorayevga ko`ra, xorijdagi muxolifatga nisbatan bunday tahdid ko`nikmaga aylangan, muxoliflik faoliyatiga qo`yilgan to`siqlardan biri.
“Bu azaldan bor narsa, masalan, muxolifat xorijda sal faollashishni boshlasa, darhol ichkaridagi qarindoshlarga bosim boshlanadi, bu bilan to`xtat degan ma`noda signal beriladi. Muxolifatda pishgan faollarni bu bilan to`xtatish qiyin, ammo uning faoliyati kengayishiga to`sqinlik qiladi, chunki 5-10 nafar odam bilan ish qilish qiyin. Nazarimda, hukumat aynan shu maqsadda tazyiqlarni qo`llaydi. O`zbekiston Xalq Harakatidagi bo`linishlar ham aynan shunday tazyiqlar orqali yuzaga chiqqan edi”, - deydi u.
Xalqaro Amnistiya hisoboti Karimov davridagi rejim tazyiqlariga nishon bo`lgan faollar bilan suhbatlarga asoslangan. Bu faollarga ko`ra, ayni paytda mamlakatda hokimiyat o`zgardi, ammo inson huquqlariga, muxolfat yoki so`z erkinligiga nisbatan munosabat o`zgargani haqida gapirish qiyin. Ayniqsa, rejimdan meros qolgan maxsus xizmatlar faoliyatida biror o`zgarish sezilmayotgan bir paytda.