AQShda respublikachilardan prezidentlikka nomzodlar Janubiy Karolinadagi forumda qatnashdi

  • Amerika Ovozi

Karli Fiorina respublikachi nomzodlar orasida hozircha yagona ayol

AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogar arboblar o'zaro bahs-muloqotda demokrat Prezident Barak Obamani tanqid qilishda musobaqalashdi. Respublikachilar nazarida Obama rahbarlikni eplay olmadi, uning 2010-yilda qabul qilingan sog'liqni saqlash qonuni, tashqi siyosatdagi qadamlari, AQSh qarzining yuksalishi tanqidga olindi.

Viskonsin gubernatori Skot Uoker Obamaga ikki bor ovoz bergan shtatdagi so'nggi uch saylovda g'alaba qozonganini aytdi. "Respublikachilardan prezidentlikka nomzod so'nggi bor bu shtatda 1984-yilda g'alaba qozongan. Bu yerda ovoz olish osonmas", - dedi gubernator.

"Xyulet-Pakard" (Hewlett Packard) kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina respublikachi nomzodlar orasida hozircha yagona ayol. U demokratlardan prezidentlikka nomzod Xillari Klintonga hujum qildi.

"Unga ishonch yo'q. Hech bir yutuqqa erisha olmagan", - dedi Fiorina.

Luiziana gubernatori Bobbi Jindal so'nggi bir yarim yil davomida sog'liqni saqlash tizimi, tashqi siyosat, energetikaga doir g'oya va takliflari ustida ishlaganini aytdi.

Tadbirda 2012-yilgi partiyaviy saylovlarda Mitt Romniga boy bergan Rik Santorum ham so'zladi. Ishchilar orasida tashviqotni kuchaytirishimiz kerak, dedi u.

"Biz ishchilar huquqlarini himoya qiluvchi partiya bo'lishimiz zarur. Millionlab amerikaliklar yordamga muhtoj, ular bilan ishlashimiz kerak", - dedi Santorum.

AQSh Senatiga Florida shtatidan saylangan Marko Rubioning aytishicha, Qo'shma Shtatlar terrorchilarga qarshi qattiqroq harakat qilishi lozim.

Tadbirda Texasdan senator Ted Kruz, bu shtatning sobiq gubernatori Rik Perri, hafta boshida prezidentlikka nomzodini e'lon qilgan neyroxirurg Ben Karson ham qatnashdi.