Kecha Ayova shtatida prezidentlikka da'vogar 11 respublikachi partiyaning mahalliy faollari tomonidan uyushtirilgan forumda qatnashib, o'z dastur va maqsadlari bilan o'rtoqlashdi. Nomzodlar Eron, islom dini, Yaqin Sharqdagi vaziyat xususida gapirdi.
Ular nazarida Qo'shma Shtatlar dunyo siyosatida faolroq bo'lishi lozim. Biroq nomzodlar buning uchun turlicha yondashuv taklif etmoqda.
Masalan, sobiq senator Rik Santorum Eronni bombardimon qilish kerak, shunda yadroviy muammoga chek qo'yiladi, deydi. Kentuki shtatidan senator Rend Pol fikricha esa, Iroqqa qarshi urush xato bo'lgan, mojaro "Islomiy davlat"ning paydo bo'lishiga olib keldi.
Boshqa respublikachi da'vogarlar aksincha "Islomiy davlat"ning kuchayishiga Prezident Barak Obamaning Iroqda askar qoldirmagani sabab bo'ldi, deydi. Obama islomiy jangarilar tahdidini jiddiy qabul qilmadi, deydi ular.
Forumda ichki siyosat, iqtisodiyot haqida so'z bordi, nomzodlar soliqlarni kamaytirish, immigratsiya, ta'lim, saylovchilarni qiziqtirayotgan boshqa mavzular bo'yicha ham fikr bildirdi.