Donald Tramp respublikachilar poygasida hamon oldinda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

So'nggi so'rovlarga ko'ra, milliarder Donald Tramp AQShda prezidentlik uchun nomzod respublikachilar orasida yetakchilik qilishda davom etmoqda. Ammo ikkinchi teledebat ortidan uning ko'rsatkichlari ancha pasaygan.

Donald Tramp partiyaning hanuz yetakchi nomzodi.

Ammo ikkinchi bahsda uning raqiblari, xususan, Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bush keskin hujumga o'tdi.

"U Floridada qimorxona ochmoqchi edi", - dedi Bush.

"Yo'q, unday emas", - rad qildi Tramp.

“Bunga erisholmadi, chunki men oldindan qimorbozlikka qarshi bo’lganman. Hech kim fikrimni o’zgartira olmaydi”, - dedi Bush.

“Xohlaganimda, bunga erishgan bo’lardim”, - deya o’z so’zida turib oldi Tramp.

“Ozodligingiz uchun kurashaman. Hech kim mendek kurasha olmaydi. Chunki men yaxshi kurashchiman. Ko’pincha g’olib chiqaman. Biz g’olib chiqamiz”, - deydi Tramp.

Sobiq tadbirkor Karli Fiorinaning reytingi ham oxirgi bahs ortidan ancha oshdi. Viskonsin gubernatori Skot Uolkerning esa omadi chopmadi. U poygadan chiqib, boshqalarni ham shunday qilishga undadi.

“Saylovchilar kamroq sonli nomzodlarga e’tirbor qaratib, yaxshiroq odamga ovoz berish imkoniyatiga ega bo’lsin”, - deydi u.

So’rovlarda yaxshi ketayotgan yana bir nomzod neyroxirurg Ben Karson.

“Odamlar gladiator janglaridek qiziq tomoshalarni yoqtiradi. Ammo bizga bu narsa yordam bermaydi”, - deydi u.

Respublikachilar poygasida siyosatchi bo’lmaganlar kuchaymoqda, deydi tahlilchi Norm Ornsteyn.

“Respublikachilar partiyasida juda an’anaviy yetakchi guruh va chetdan kelgan isyonchilar guruhi o’rtasida partiya ruhi uchun kurash ketyapti. Hech qachon davlat idorasiga saylanmagan, chetdan kelgan odamlar hozir yetakchi kuchga aylangan”, - deydi tahlilchi.

Tramp tashqi siyosat mavzusida aniq takliflar berishga qiynalmoqda. Ammo bu tarafdorlarini bezovta qilgani yo’q.

“Trampni qo’llab-quvvatlayotganlar o’zining malakasi, siyosatni bilishi haqida maqtanadigan siyosatchilardan hafsalasi pir bo’lgan odamlar. Ular asosiy muammoni shunda ko’radi. Yetakchilarni odamlardan uzoqlashganlikda ayblaydi”, - deydi Ornsteyn.

So’nggi so’rovlar natijasiga ko’ra, Trampdan keyingi o’rin uchun Karson va Fiorina kurashmoqda. Ayovada o’tadigan birinchi tanlovgacha hali to’rt oy vaqt bor.