AQShda prezidentlik poygasi allaqachon boshlanib ketgan va da’vogarlar shtatlarni kezib, yig’inlar o’tkazmoqda.
Respublikachilar partiyasidan maydonga chiqqanlar orasida milliarder tadbirkor Donald Tramp reytinglarda oldinda. Uning safdoshi Jeb Bush so’nggi paytlarda tanqidni kuchaytirgan.
Jeb Bush ommaviy so’rovlarda uchinchi o’ringa tushib qolgani ma’lum bo’lgach, Donald Trampga qarshi hujumga o’tdi.
“Amerika - turli irq va elatlarga vatan. Xilma-xillikni, ahil bo’lib yashashni qadrlaymiz. Lekin janob Trampga bu g’oyalar begona. U mamakatni bo’lib tashlaydi, bag’rikenglik unga yot”, - deydi Bush.
Televideniye orqali uzatilayotgan reklamalarda Donald Trampning bir paytlar demokratlarga ergashgani, liberal qarashlari tanqid qilinadi.
O’z navbatida, Tramp tarqatgan videoda Bush jinoyatga qo’l urgan muhojirlarning himoyachisi sifatida tasvirlangan.
Badavlat biznesmen Bushni, jumladan, saylovchilar bilan yig’inlarda ispan tilida so’zlagani uchun tanqid qiladi.
“Jeb Bush unga pul bergan odamlarga qaram, bunga shubha yo’q. O’zining lobbichilari bor. Yaqinda yana Iroq urushini himoya qilib chiqqani meni lol qoldirdi. Iroqqa bostirib kirishga asos bo’lmagan”, - deydi Tramp.
Poygada respublikachilardan o’nlab siyosatchilar qatnashayotgan bo’lsa-da, Trampni tanqid qilayotganlar ozchilik, deydi tahlilchi Styuart Rotenberg.
“Bushning esa yondashuvi boshqacha. Nazarimda, respublikachi da’vogarlardan ko’pi Trampdan qo’rqadi. Uni hurmat qilishgani uchun emas, Tramp nomzodlikni qo’lga kiritadi deb xulosa qilishgani uchun ham emas. Sabab - Tramp partiyani tark etib, mustaqil nomzod bo’lib qatnashishi mumkin. Unga ko’pchilik ergashadi”, - deydi Rotenberg.
Siyosatshunos Josh Krausarning qayd etishicha, Jeb Bush yaqingacha kuchli da’vogar deb ko’rilayotgan edi.
"Bush katta bir xato qildi demayman, lekin birinchi debatda saylovchilarni o’ziga qarata olgani yo’q. U Bushlar sulolasidan ekani, akasi va otasi olib borgan siyosat savolga tutilishi uni tinch qo’ymayapti. Prezidentlikka loyiq ekanini isbotlab berishi kerak”.
Tramp va Bush o’rtasida bahs qiziyotgani bois boshqa respublikachi da’vogarlar e’tibordan quruq qolayapti.
“Tramp so’rovlarda doimo birinchi o’rinda. Muhokamadagi mavzularni ham u belgilayapti. Gapirganda, hamma quloq tutadi. Boshqa da’vogarlar chetda qolib ketayapti”, - deydi Styuart Rotenberg.
Navbatdagi teledebat 16-sentabrda bo’lib o’tadi. Nomzodlar o’zini ko’rsatishi uchun bu yana bir imkoniyat.