Respublikachilar prezident poygasiga tayyorlana boshladi

  • Amerika Ovozi

Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi ham prezident kursisini mo’ljalga olayapti

Amerikada 2016-yilgi prezident saylovlariga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Hali hech kim rasman nomzodini e’lon qilmadi, lekin respublikachilar orasidan bir necha arbob bu borada gap ochgan. Ular Obamaning tashqi siyosatini tanqid qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Respublikachilar prezident poygalariga tayyorgarlikni boshladi-Nasiba Tohir

Respublikachilar partiyasidan rahbarlikni ko’zlayotganlardan biri Viskonsin gubernatori Skott Voker (Scott Walker). U Ayovada konservativ guruhlar oldida so’zladi.

“Parijda jahon rahbarlari terrorizmga qarshi yig’ilgan paytda Amerika rahbari ham o’sha yerda bo’lishi kerak. Shunaqa prezident kerak bizga”, - deydi Voker.

Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi (Chris Christie) ham prezident kursisini mo’ljalga olayapti.

“Qo’shma Shtatlar siyosat, iqtisod, madaniyatda yo’lboshchi bo’lsin. Farzandlarimiz haqqi, Amerika jahonning qudratli davlati, lideri bo’lishi lozim”, - deydi gubernator.

Choychilar partiyasining erkasi, Texasdan respublikachi senator Ted Kruz (Ted Cruz) kuchini sinab ko’rmoqchi.

“Radikal islomiy terrorizmga qarshi kurashda g’alaba qozonish uchun rahbar “radikal islomiy terrorizm” so’zlarini ayta olishi kerak”, - deydi Kruz.

Ehtimoliy da’vogarlar ro’yxatida Alyaska gubernatori Sara Peylin (Sarah Palin), Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum (Rick Santorum), Floridadan senator Marko Rubio (Marco Rubio) va Kentuki shtatidan senator Rend Pol (Rand Paul) bor.

Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush

Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush poygaga kirmoqchi. 2012-yilgi saylovda qatnashgan Mitt Romni (Mitt Romney) yana omadini sinab ko’radi degan taxminlar bor edi, lekin Romni juma kuni niyatidan qaytdi. Aytishlaricha, Massachusets shtati sobiq gubernatori moliyaviy hamroh va homiylarilaridan so'rab-surishtirsa, ular Jeb Bushga xayrixoh ekan. Jeb Bush sobiq prezident Jorj Bushning ukasi.

Bu orada, boyvachcha Donald Tramp (Donald Trump) Oq uyni ko’zlab turibdi.

“Amerikani yana qudratli davlat qilish qo’limdan keladi”, - deydi u.

Respublikachilar elakdan o’tib pichoqqa ilinadiganlari qolishi uchun biroz vaqt ketadi.

Respublikachi da’vogarlar serob, lekin tahlilchi Skott Folkner dasturlar sifati va mazmuni chatoq, deydi:

“Nomzod odamlarda umid paydo qila oladigan, birlashtira oladigan bo’lishi kerak. Respublikachilar orasida afsuski bunaqangi fikr, birdamlik 1980-yillardan beri yangragani yo’q”.

Bu va boshqa arboblar bir yildan keyin yana Ayovaga qaytadi. Aynan shu yerda prezidentlikka poygalar oldidan ilk saralash bosqichi o’tadi.

Davlatmand tadbirkor Donald Tramp Amerikani qudratli davlat qilish yo'lini bilaman, deydi