Mitt Romni Obamaning tashqi siyosatini tanqidga oldi

  • Amerika Ovozi

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni Leksington shahrida Virjiniya harbiy institutida talabalar oldida so’zlamoqda, 8-oktabr, 2012-yil.

AQShda respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni bugun Leksington shahrida Virjiniya harbiy institutida talabalar oldida so’zladi.

U prezident Obamaning iqtisodiy dasturi va Yaqin Sharqdagi siyosatini tanqid qildi. Romni nazarida Obama yetakchiligida AQSh mintaqada o’z so’zini o’tkaza olmayapti.

Bunday sharoitda, deb yozadi u o’tgan hafta “Wall Street Journal” gazetasida chop etilgan maqolasida, Qo’shma Shtatlar o’z xalqi va ittifoqchilarini tashqi tahdidlardan himoya qila olmaydi.

Romni Obamani Isroilni yetarlicha qo’llab-quvvatlamayotganlikda ham aybladi. Buning natijasida, deydi u, Yaqin Sharqda Eron kabi umumiy raqiblarimiz bosh ko’tarib, mintaqa tinchligiga rahna solmoqda.

Prezident bo’lsam, deydi Romni, Eronni yadro dasturidan qaytarish uchun yangi sanksiya qo’llashdan qaytmayman hamda O’rta Yer dengizining sharqiy hududlari va Fors ko’rfaziga AQSh avianosetslarini qayta safarbar etaman.

Romni Obamaning qo’shinlarni Iroqdan chiqarish qarorini shoshma-shosharlik deya baholab, zo’ravonliklar natijasida so’nggi yillarda qo’lga kiritilgan barcha muvaffaqiyatlarimiz boy berilmoqda, dedi.

“Al-Qoida jonlanib, demokratiyaga darz ketmoqda, Eron ta’siri kuchaymoqda”, deydi Romni.

Respublikachi nomzod Obamaning qo’shinlarni 2014-yil oxirigacha Afg’onistondan olib chiqish rejasini ham tanqid qildi, biroq prezident etib saylansa, bu masalada nima qilishi haqida so’z ochmadi.

Romni Obamaning Suriyaga doir siyosatiga ham hujum qildi. Uning aytishicha, mojaro mintaqa xavfsizligiga tahdid, Bashar al-Assadni hokimiyatdan ag’darish uchun Amerika qadriyatlariga mushtarak muxolif kuchlarni qurollantirish zarur.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish



Prezident Obama esa bugun Kaliforniyada, bir necha tadbirda ishtirok etadi. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Romni bir haftada oradagi farqni qisqartirgan, lekin Obama hali ham oldinda.