Yevropada o'ng qanot partiyalarning kuchayishi Rossiyaga qo'l keladi

  • Amerika Ovozi

Fransiya Milliy fronti partiyasi rahbari Marin Le Pen

Ukrainada yakshanba kuni o’tgan prezident saylovlarida mamlakatning Yevropa bilan integratsiyalashuvi tarafdori bo’lgan nomzodlardan biri g’alaba qozondi. Biroq Yevropada ittifoqqa a’zolikni yopishni ko’zlayotgan partiyalar ko’p ovoz oldi. G’arbiy Yevropada o’ng qanot guruhlarning kuchayishi Ukraina mojarosiga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Yevropa Parlamentiga saylovlarda o’ng qanot kuchlarning ustun kelishi ittifoqning kengayish rejalariga pand berishi hamda Ukrainaga doir siyosatini keskin o’zgartirishi mumkin.

2020-yilgacha Yevropa Parlamentining deyarli uchdan birini bundan keyin Yevropa Ittifoqi va uning kengayishiga qarshi deputatlar tashkil qiladi. Ular ko’p masalalarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosatini yoqlaydi.

Karnegi jamg’armasining Moskvadagi bo’limi tahlilchisi Mariya Lipman bu deputatlar Ukrainaga moliyaviy yordam berilishiga qarshilik ko’rsatadi deya bashorat qilmoqda.

"Yevropadagi saylov natijalari Ukraina uchun xushxabar bo’lmadi. Endi unga atalgan yordamni tasdiqlash qiyinlashadi. Yevropa Ittifoqi jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Iqtisodiy ahvoli yaxshi emas. Shunday bir vaziyatda Ukrainani o’ziga og’ir yuk qilish, katta miqdorda pul ajratish oson bo’lmaydi", - deydi Lipman.

Ukrainada o’tgan prezident saylovlarida 54 foiz ovoz bilan Petr Poroshenko g’olib bo’ldi. Yevropa tomon intilayotgan nomzodlar to’plagan ovozlar jami 80 foizdan oshdi.

Dushanba kuni Kiyevga tashrif buyurgan Yevropa Parlamenti delegatsiyasi rahbarining aytishicha, ittifoq Ukraina bilan erkin savdo hududi bo’yicha bitimni imzolashga hamda vizasiz sayohat xususida muzokaralarni davom ettirishga tayyor.

Biroq Bryusseldagi parlamentda saflari kengayib borayotgan ozchilikdagi deputatlar Yevropa eshiklarini yopishi mumkin. Ular nazarida Ukraina bilan Yevropa emas, Rossiya shug’ullanishi kerak.

Kreml bunday siyosatchilar bilan aloqalarni mustahkamlamoqda.

O’tgan oy Fransiya Milliy fronti partiyasi rahbari Marin Le Pen Moskvada bo’ldi. U prezident Vladimir Putinning siyosatini olqishlab, Ukrainaga Yevropa Ittifoqida joy yo’q, dedi.

Milliy front o’tgan yakshanba kuni Yevropa Parlamentiga saylovlarda Fransiyadan eng ko’p ovoz olgan partiya bo’ldi.

Peter Kreko Budapeshtdagi Siyosiy kapital instituti direktori. U Yevropada o’ng qanot guruhlarning kuchayishi sabablarini o’rganadi. Krekoning aytishicha, qit’adagi millatchi partiyalar ham AQShga, ham Yevropaga qarshi bo’lib, bu masalada Putin bilan ayni pozitsiyada.

"Rossiyaga bu radikal kuchlardan nima foyda? Ular Yevropa Ittifoqiga qarshi. Ular orasida Yevropaning oxiri haqida ochiq fikr bildirayotganlar bor. Ular nazarida Yevropa Ittifoqi hozirgi ko’rinishida bekor qilinishi lozim", - deydi tahlilchi.

Mart oyida Kreml Fransiyaning Milliy front va Yevropadagi boshqa ultra o’ng qanot partiyalar vakillarini Qrimda o’tkazilgan referendumni kuzatish uchun taklif qilgan edi. Ular yarimorolning Rossiyaga qo’shilishini muhrlagan jarayon ijobiy o’tgani haqida hisobot berdi.

Rossiya matbuoti Yevropadagi yangi millatchi partiyalar va ittifoqqa qarshi guruhlar faoliyati hamda Ukrainaga doir fikrlarini muntazam ravishda yoritib boradi. So’nggi to’rt yilda Rossiya hukumati mablag’iga faoliyat yuritayotgan “Russia Today” telekanali 144 marotaba Marin Le Pen nomini tilga oldi yoki u haqda reportaj tayyorladi. Britaniyaning Mustaqil partiyasi lideri Nayjel Farajdan esa 17 bor intervyu olindi.

"Faraj Rossiyani maqtovchi, Putinni ko’klarga ko’taruvchi ko’p gaplar gapiradi. U Putinning Suriya va Qrim mojarolarini qanday hal qilganini olqishlaydi", - deydi tahlilchi Peter Kreko.

Faraj yetakchiligidagi Mustaqil partiya yakshanba kuni Britaniyada o’tgan saylovlarda ko’pchilik ovozlarni qo’lga kiritdi. Bir asrdan oshiq vaqt mobaynida o’tkazib kelinayotgan britan saylovlarida ilk bor na leyboristlar na konservatorlar g’alaba qozondi.

Kreml Yevropadagi bu jarayonlardan xursand.

Rossiya parlamentining yuqori palatasida Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Mixail Margelovning aytishicha, Yevropa Parlamentiga saylangan o’ng qanot nomzodlarning aksariyati Rossiyani xush ko’radi.

“Umid qilamizki, bu deputatlar o’z jamoatchiligining Rossiya haqidagi fikrini va Bryusselning Moskvaga nisbatan siyosatini o’zgartirishga yordam beradi”, - deydi Margelov.