Rossiya rahbari Vladimir Putin kelasi yil mart oyida bo’lib o’tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga qaror qilgan. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi mazkur rejadan xabardor olti manbaga tayanib xabar berdi. Bu esa u hokimiyat tepasida yana kamida 2030-yilgacha qoladi, degani.
Putin 23 yildan beri hokimiyatda va allaqachon Rossiyada eng uzoq hukmronlik qilgan rahbarga aylangan. Muxolifat yetakchilari qamoqda yoki surgunda ekan, saylovlarda uning siyosiy raqibi bo‘lmaydi, 80 foiz aholi uni qo’llab-quvvatlaydi, deb yozadi “Reuters”.
Shunga qaramay, Rossiyadagi saylov organlari quvg'indagi muxolifatning saylovga aralashuvidan, uni buzishga harakat qilishidan xavfsiramoqda. Xorijdagi rus faollari Putinning ichki va tashqi siyosatidan norozi. Ayniqsa, Ukrainadagi urush norozilikni yanada kuchaytirgan.
Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova 21-noyabr kuni Moskvadagi majlisda xorijdagi vatandoshlari haqida shunday dedi:
Buni ham ko'ring Rossiyaning "Xorij agenti" haqidagi qonuni AQShdan namuna olganmi?“2024-yilning mart oyida prezidentlik saylovlari boʻladi, vatanini nafaqat tashlab ketgan, balki pul evaziga saylovlarni buzish, obroʻsizlantirish uchun zamin hozirlab yurgan ahmoqlar bu borada allaqachon ish boshlashgan”.
"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'i xulosasiga ko’ra, Pamfilovaning bu da'vosi haqiqatga qisman to’g’ri keladi.
Muhojirlikdagi Rossiya muxolifati yetakchilari, faollar 2024-yildagi prezidentlik saylovlarining legitimligini inkor etadi, Putinga qarshi namoyishlar rejalashtirmoqda. Ular bu rejasini bekitayotgani ham yo’q. Muxolifat prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazish rejalarini internetda ochiq muhokama qilib kelmoqda.
Masalan, muxolifatchi Maksim Katz “YouTube”dagi kanalida Putinning yana prezident etib saylanmasligi uchun kampaniya o‘tkazishni taklif qilgan. 1,95 million obunachiga ega Katz barcha muxolif guruhlarni shu maqsad yo’lida birlashishga chaqirgan.
22-oktabr kuni Germaniyaning Berlin shahrida xorijdagi rus diasporasi vakillari, siyosiy harakatlar va uyushmalar a’zolari, surgundagi muxolifat uchrashdi. 200 ga yaqin odam to’plandi. Uchrashuv Putinning uzoq yillik siyosiy raqibi Mixail Xodorkovskiy va uning ittifoqchilari sa’y-harakati bilan tashkillashtirilgan.
Ishtirokchilar 2024-yilgi prezidentlik saylovlari oldidan Vladimir Putinga qarshi umummilliy kampaniya boshlash to‘g‘risida kelishuv imzolagan.
“Vatandoshlarimizni “Putinga yoʻq!” kampaniyasiga qoʻshilishga chaqirishga qaror qildik. Ishonchimiz komilki, mamlakatimizni yirik mintaqaviy mojaroga, yirik urushga tortayotgan aynan Vladimir Putindir”, — deyiladi yig‘ilish bayonnomasida.
Muxolifat Kreml tashviqotiga qarshi kurashish, Rossiyada siyosiy sabablarga ko'ra sudlanganlarning huquqiy himoyasini ta'minlash, urushga qarshi faollarga yordam berishga qaratilgan harakatlar rejasini ishlab chiqishga qaror qildi.
Muxolifatining asosiy maqsadi 2024-yil martida boʻlib oʻtadigan saylovlarni noqonuniy qilib ko’rsatish, deydi Davlat Dumasining sobiq deputati, muxolifatchi Dmitriy Gudkov Ukrainaning “FREEDOM” telekanaliga bergan intervyusida.
Gudkovning bildirishicha, mamlakat ichida va tashqarisidagi ruslar fikriga ta’sir o’tkazish uchun nufuzli siyosatchilar, taniqli yozuvchilar, mashhur san’atkorlar ham jalb etiladi.
Internetda “Elflar legioni” kabi media loyihalar ham ishga tushirilgan. Oʻnlab rossiyalik qochqinlar unng ustida ishlaydi, deydi “Ozod Rossiya” jamgʻarmasining Janubiy Kavkaz boʻyicha vakolatxonasi direktori Egor Kuroptev.
“Elflar legioni”ning maqsadi - Rossiyaning Ukrainadagi urushini to’xtatish, Kreml propagandasiga qarshi kurashish.
Loyiha ikki yil avval ishga tushirilgan. Shundan beri “elflar” internetda Rossiya hukumati tomonida bo’lgan 900 ga yaqin platformalarga kirib, 2,3 milliondan ortiq sharhlar qoldirgan.
Buni ham ko'ring Rossiya demokratiya yo'lidan borayotganini da'vo qildi, aslidachi?Surgundagi ayrim rossiyaliklar esa Putinni hokimiyatdan chetlatishning radikal usullarini taklif qilmoqda. Masalan, 2014-yildan beri Kiyevda yashab kelayotgan sobiq deputat Ilya Ponomarev Rossiya hukumatiga qurolli qarshilik ko‘rsatishni quvvatlaydi. U Ukraina armiyasi tarkibida “Rossiya erkinligi legioni”ni tashkil etishda ishtirok etgan. Legionda Putin rejimiga qarshi bo’lgan Rossiya fuqarolari xizmat qiladi.
Ponomarev Xalq deputatlari Kongressi deb nomlangan tashkilot ham tuzgan. Tashkilot quvg'indagi sobiq qonunchilardan iborat.
Kreml saylovdan oldin barcha siyosiy raqiblarini chetlashtirmoqda. 17-aprel kuni Moskva sudi taniqli rossiyalik muxolifatchi Vladimir Kara-Murzani davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Kara-Murza 2022-yilda Arizona Vakillar palatasidagi nutqida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralagan edi.
Putinning eng ko‘zga ko‘ringan tanqidchisi Aleksey Navalniy esa 2021-yilning 17-yanvaridan buyon qamoqda. Ekstremistik faoliyat bilan shug’ullanishda ayblanib, 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Etnik ruslar dunyodagi eng katta diasporalardan biri. Xorijda 20-30 million rus borligi aytiladi. Urush boshlangandan so’ng tashqariga chiqib ketgan ruslar soni yanada ortdi. 2022-yilda 500 000 dan 1,3 milliongacha odam Rossiyani tark etgani taxmin qilinadi.
So'rovlarga ko'ra, ko'pchilik siyosiy sabablarga ko'ra vatanini tark etgan.
Ko'pgina surgundagi rossiyaliklar siyosiy faoliyatini xorijdan turib ham davom ettirmoqda. Ba’zilari yakka tartibda, boshqalari turli muxolif uyushma va tashkilotlarga qo’shilgan holda. Bunday tashkilotlarning aksariyati Yevropada. AQShda ham bir nechtasi bor.
POLYGRAPH.info xulosasiga ko’ra, Ella Pamfilovaning quvg'indagi rossiyaliklar prezidentlik saylovlarini "obro'sizlantirishga" urinmoqda, degan da'vosi noto'g’ri.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar 2011-yildan beri Rossiya saylovlarida qonunbuzarliklarni qayd etib keladi.
Bunga Kreml tanqidchilarining saylovlardan chetlashtirilishi, hukumatning ovoz berish jarayoniga aralashuvi, soxta ovozlar, ovozlarni sanash jarayonida tartibni buzish kabi qonunbuzarliklar kiradi.
Masalan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Rossiyada 2012-yilgi prezidentlik saylovlarini “oldindan rejalashtirilgan va adolatsiz” deb xulosa bergan.
Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi 13-oktabr kuni bayonot chiqardi. Hujjatda Yevropa davlatlari Rossiya Prezidenti Putin 2024-yilgi saylovlardan keyin yana hokimiyatda qoladigan bo’lsa, uning boshqaruvini noqonuniy deb hisoblashga chaqiriladi.
Bunday holatda Yevropa Rossiya bilan gumanitar aloqalardan tashqari barcha aloqalarni to‘xtatishi kerak, deyiladi bayonotda.
Hujjatda yozilishicha, prezidentning o'ta uzoq muddat hokimiyatda qolishi natijasida yuzaga kelgan cheksiz vakolatlari, shuningdek, kuchli parlament, mustaqil sud tizimi, erkin ommaviy axborot vositalari va faol fuqarolik jamiyati mavjud emasligi Rossiya Federatsiyasini diktaturaga aylantirgan.