Rossiya bug’doy eksportini to’xtatgach jahonda non narxi oshishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Bug’doy eksporti bo’yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo’lmish Rossiya uchun bu yoz og’ir keldi. Iqtisodiyot 15 milliard dollar ziyon ko’rgan. Havo issiq – kunda o’rtacha 40 Selsiy atrofida.

Dalalar o’t ichida ekan, olov bug’doy dalalarining beshdan bir qismini payhon qilgan. Hosilning qolgani ham qo’ldan boy berilishi mumkin.

Chidab bo’lmas darajada issiq havo va tutun Moskva shahar ahlining tinkasini quritgan. Odamlar kasal, o’lim sur’ati oshgan. Lekin ofatning yana bir xavfli asorati bor. Jahon bozorida non narxi oshadi.

Rossiya bug’doy eksporti bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda. Mamlakat yil oxirigacha don eksportini to’xtatgan.

“Tabiiy ofat tufayli un bahosi oshadi va ko’p o’tmay non ham qimmatlaydi”, - deydi Moskvadagi Qishloq xo’jaligi instituti ilmiy xodimi Dmitriy Rilko.

Avstraliya va Kanada bug’doy eksport qiluvchi yirik davlatlar va bu sharoitda yaxshigina daromad qilishi aniq. Qo’shma Shtatlarda oxirgi ikki-uch haftada don narxi 70 foizga oshgan.

Tahlilchi Dmitriy Rilko nazarida hozir yomg’ir yog’masa, qishda don ekilmaydi. “Ish kelasi bahorga qoldiriladi”, - deydi u.

BMT Oziq-ovqat agentligi kelasi yil bug’doy ta’minoti kamayadi deb ogohlantirmoqda. Chunki boshqa eksportchi davlatlarda ham hosil yaxshi emas.