Rossiya hukumati man qilingan import mahsulotlarini yo'q qilishga kirishdi. Xalq G'arb sanksiyalariga javob choralarini qo'llab-quvvatlaydi, biroq xorijiy oziq-ovqat mahsulotlariga bunday munosabatni olqishlamayapti.
Bulldozerlar mamlakatga hujjatsiz kiritilgan pishloqni yer bilan tekislamoqda, korobkalab muzlatilgan bikon yoqilmoqda.
Prezident Vladimir Putin yaqinda Rossiya sanksiyasiga tushgan G'arb oziq-ovqat mahsulotlarini yo'q qilish farmonini imzolagan.
Rasmiylar hisobiga ko'ra, oy boshidan beri 350 tonna taqiqlangan mahsulot buldozer ostida qoldi yoki pechlarga jo'natildi. To'xtash yo'q, deydi mulozimlar. Ishni tezlashtirish uchun Qishloq xo'jaligi vazirligi g'ildirakli pechlardan foydalanishni taklif etdi.
Hukumatning bu qarori ijtimoiy sahifalarda tanqid bilan qabul qilindi, ba'zilar mazax qilmoqda. Yoshi kattalar ocharchilik, yo'qsillik paytlarini yaxshi eslaydi.
Sankt-peterburglik Karina Xestanova qonunga qarshi namoyishlarga qo'shilganlardan biri. Uning aytishicha, Ikkinchi jahon urushi paytida Leningrad nomi bilan yuritilgan bu shahar aholisi uch yillik qamal natijasida ochlikdan o'lgan.
"Nonning bir dona ushog'ini ham tashlamaymiz. Hukumatning bu ishi bid'atdir", - deydi Karina.
Rossiyaliklar hukumatdan qarorni bekor qilish talabi bilan internetda imzo to'plamoqda. Shu kunga qadar 340 ming odam aksiyani qo'llab-quvvatlagan. Petitsiya muallifi Olga Savelyevaning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlarini yo'q qilish to'g'ri emas, yaxshisi ularni muhtojlarga tarqatgan ma'qul.
"Nafaqa kam, narxlar oshgan, hatto Rossiyada ishlangan mahsulotlar ham qimmatlagan", - deydi u.
Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, hukumat xalq talablariga quloq solishga tayyor. Shu hafta Savelyeva boshlagan aksiya muhokama etiladi, deydi u.