Rossiya 1993-yildan buyon Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lishga harakat qilib keladi.
Xalqaro savdoni muvofiqlashtiruvchi, 153 mamlakat kirgan bu guruhga Rossiya nihoyat joriy yilda qo’shilishi mumkin.
Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lish bir necha bosqichdan iborat uzoq va mashaqqatli jarayon. Nomzod mamlakatdan o’nlab kelishuvlarni imzolash talab qilinadi. Importga qo’yiladigan tariflar chegarasini belgilash, mualliflik huquqini muhofaza qilishga doir hujjatlar.
Tashkilot shart-talablarini qabul qilishdan tashqari, unga a’zo davlatlar roziligini ham olish kerak bo’ladi. Qolaversa, iqtisod va savdo bo’yicha qonunlarni isloh qilib, xalqaro standardga moslaysiz.
Qarorgohi Jenevada joylashgan tashkilotning eng yangi a’zosi – Ukraina 2008 yilda qo’shilgan. Rossiya 18 yildan beri muzokara olib boradi.
Huquqshunos Deyvid Kristi so’zlariga ko’ra, bu ishni 3-4 yilda uddalagan mamlakatlar talaygina.
“Rossiya yoki Xitoy kabi yirik iqtisodiy tizimlar bilan qiyinroq, shu bois ham muzokara uzoqqa cho’ziladi. Chunki ular kamroq majburiyat olish harakatida. Masalan, Rossiya so’zini o’tkazaman deguncha 18 yil o’tdi. Ammo tan berish kerak, ko’p narsaga erishdi ham”.
Deyvid Kristi rossiyalik muzokarachilarni o’ta talabchan, vaqt boy berilsa ham ikir-chikirigacha talashib-tortishadigan odamlar, deya ta’riflaydi.
Iqtisodchi Anders Aslund deydiki, Dmitriy Medvedev prezidentlikka kelganidan beri Jahon Savdo Tashkilotiga harakat yanada kuchaygan.
“So’nggi ikki yilda ancha progress kuzatilyapti. 2000-2003-yillarda, Vladimir Putinning rahbarlik davrida ham Rossiya a’zolik uchun qattiq kurashgan”.
Lekin bu yo’ldagi asosiy to’g’anoq – Gruziyaning qarshiligidir. Xalqaro Savdo Tashkiloti konsensus asosida ish yuritadi. Ya’ni, a’zo davlatlar nomzodga veto qo’yish huquqiga ega.
Ma’lumki, Gruziyaning ikki bo’lginchi hududi – Abxaziya va Janubiy Osetiya Rossiya bilan juda yaqin. Har ikkisini Kreml mustaqil davlatlar deb e’lon qilgan. 2008-yilda orada qonli urush ham bo’lib o’tdi.
“Gruziyaning e’tirozi shuki, Rossiya unga qarashli hududlar bilan bemalol savdo qiladi, boj va soliqlarni nazorat qilishga qo’ymaydi”, - deydi Anders Aslund.
Ya’ni, oradagi munosabatlar va keskinlik ortida ham iqtisodiy, ham siyosiy sabablar bor. Abxaziya va Janubiy Osetiyani Gruziyadan ajratish harakatlari rasmiy Tbilisini g’azabga solmasdan qo’ymaydi.
Gruziya qo’yayotgan shart shuki, bo’lginchi hududlarda savdo-sotiq ustidan xalqaro nazorat o’rnatilishi kerak.
Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish istagini qo’llab-quvvatlaydi, lekin Gruziyaga bosim o’tkazish fikridan yiroq. Shu yil dekabr o’rtalarida Jenevada majlis rejalangan.
Kreml o’shangacha Gruziya bilan til topisha oladimi? Bu noma’lum.