Qozog’istonda mamlakatga nisbatan hududiy da’volarni bildirgan Rossiyaga qarshi norozilik jiddiy kuchaygan. Qozoq jamoatchiligi hukumatni Rossiya harbiy bazasini yopish, Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlarni tark etishga chaqirmoqda.
Rossiya bilan 7000 kilometrdan oshiq uzunlikdagi chegaraga ega Qozog’istonning harbiy salohiyati kuchli emas, ayniqsa Rossiya bilan taqqoslaganda. Bundan qat’i nazar qozoq jamoatchiligi Rossiya agressiyasiga jiddiy qarshilik ko’rsatishga hozirlanmoqda.
O’rtadagi ziddiyatga rossiyalik deputatlarning Qozog’istonning ayrim hududlari, jumladan bir qator yirik shaharlari Rossiya tomonidan Qozog’istonga sovg’a qilingani haqidagi bayonotlari sabab bo’lgan edi.
Duma vakillari Vyacheslav Nikonov, Yeygeniy Fyodorov, Vladimir Jirinovskiyning bu boradagi chiqishlari qozoq deputatlari va jamoatchiligini ham g’azablantirdi.
Nikonovning Rossiya ayrim hududlarni Qozog’istonga sovg’a qilgani haqidagi iddaosi Qozog’iston hukumati tomonidan keskin e’tiroz bilan qabul qilingan, Rossiyaning mamlakatdagi elchisiga norozilik notasi topshirilgan edi.
Qozoq faollaridan biri Ermek Narimbayning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qozog’iston hududlari Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi haqiqatga yaqin. Uning aytishicha, katta ehtimol bilan Qozog’iston uchun ham Qrim ssenariysi hozirlangan va hukumat hamda jamoatchilik bu agressiyaga tayyor turishi kerak.