Rossiya Madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy Ikkinchi jahon urushi davrida Moskvani mudofaa qilib halok bo'lgan 28 askar haqidagi sovet afsonasini muqaddas deb atab, uni savol ostiga olganlarni keskin tanqid qildi. Vazirlik qo'llab-quvvatlovi ostida chiqarilgan "28 panfilovchilar" filmi shu voqea haqida. 2015-yil chop etilgan arxiv materiallari bu hodisaning aslida sovetlar o'ylab topgan propaganda ekanini fosh qilgan edi.
Kartina syujeti quyidagicha: Ikkinchi jahon urushi davrida general Ivan Panfilov qo'li ostidagi 28 qizil askar Moskani saqlab qolish uchun o'zini qurbon qiladi.
Ommaga oshkor qilingan arxiv hujjatlariga ko'ra, bu aslida sovetlar to'qib chiqargan propaganda bo'lgan. Ammo Rossiya Madaniyat vazirligi filmni himoya qilmoqda. Vazir voqeani savol ostiga olganlarni tahqirlashgacha bordi.
"Har vaqt qahramonlarini himoya qiladiganlar ham, ularga qarshilar ham bo'ladi. Ayniqsa, kattaroq cho'pchak va kirdikorlarni yaratishga urinadiganlar bor", - deydi bir fuqaro.
Sovet Ittifoqi "28 panfilovchilar" voqeasini har bir bolaga haqiqat deb o'rgatgan. Rossiya rasmiylarining shu an'anani saqlab qolishga urinayotgani ayrim tarixchilar noroziligiga sabab bo'lmoqda.
"Men ular qo'llagan so'zlardan o'zimni tiyaman. Lekin shuni aytmoqchimanki, xalq tarixiy haqiqatni yoki aslida nima bo'lganini bilishi shart emas, deb hisoblovchilar xalqiga hurmatsizlik qilyapti", - deydi tarixchi Aleksey Kuznetsov.
Moskva ostonasidagi jangning 75 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir, ob-havo sovuq bo'lishiga qaramay, yuzlab odamni jalb etdi. Rossiya yoqimsiz faktlardan voz kechib, qahramonlarni olqishlash bo'yicha sovet propagandasini davom ettirmoqda.
"Ayrim afsonalar uchun tarixiy zarurat bor. Odamlar rivoyatlar, mif va g'oyalarsiz urushga bormagan", - deydi rejissor Kirill Xayrov.
Zamonaviy Rossiya hozir asosiy e'tiborini faktlarning qanchalik haqqoniy ekaniga emas, balki kelajak avlod ongini zabt etishga qaratmoqda.