Rossiyadagi yangi tashkilot xalqqa vatanparvarlikdan saboq bermoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya yoshlari va Putin

Ukraina mojarosi tufayli Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xalqaro bosim oshib borar ekan, uni qo'llab-quvvatlovchi norasmiy mahalliy guruhlar soni ham ortmoqda. Masalan, Moskvada "SET" (СЕТЬ) - tarmoq deya ataladigan yoshlar tashkiloti tuzilgan. Ular multimedia mahsulotlari orqali Rossiya xalqiga vatanparvarlikdan saboq bermoqchi.

"SET" guruhi o'zini yoshlarda ijodkorlikni kuchaytirishni ko'zlovchi ta'lim loyihasi sifatida taqdim etadi. Unga qo'shilishning yagona talabi Prezident Vladimir Putinni shartsiz qo'llab-quvvatlash, deydi tashkilotning bosh targ'ibotchisi Anastasiya Melnik.

"Putin qilgan hamma ishni qo'llab-quvvatlaymiz. Buni loyihamizdagi barcha ishlarda bir necha bor ko'rsatib berdik. Masalan, otkritka, rasm va filmlar orqali. Putin prezident bo'lgandan keyin birinchi marta mamlakatimizdan uyalmaydigan bo'ldik. G'urur va ishoncha egamiz va bundan faxrlanamiz", - deydi piar menejer.

"SET" o'z homiylari haqida ma'lumot bermaydi, ammo ularning maqsadlari aniq: Rossiya bo'ylab yosh iqtidorlarni Moskvaga yig'ib, o'z ijodlarini san'atkarona namoyish etishlari uchun sharoit yaratib berish. Asarlarda, odatda, Putin shaxsi ulug'lanadi yoki AQSh tanqid ostiga olinadi.

"Amerika doim o'z ta'sirini o'tkazishga yoki aralashishga urinishini ifodalayapman. Ayni paytda oldi olinishi lozim bo'lgan III Jahon urushiga ham ishora bor. Asarga "Eskirgan suvenir" deb nom beriladi. Qurol ana shu suvenir", - deydi Pasha ismli yosh rassom.

Qrimning qo'shib olinishi yoki Rossiyaning Ukrainada qilayotgan ishlari ortidan Putinning mamlakatdagi obro'si keskin oshgani shubhasiz.

Ayni paytda sanksiyalar oqibatida Rossiyaning xalqaro obro'si va iqtisodiyotiga jiddiy putur yetmoqda. Ammo "SET" ning modalar bo'yicha dizayneri Anna Kredenko bunga parvo qilmaydi. Rossiya rubli asosida kiyimlar yaratgan yosh ijodkor navbatdagi ishida Putin suratidan foydalanmoqchi.

"Putin hozir Rossiyaning qiyofasi. Rossiyaning yetakchisi. U juda kuchli shaxs. Butun dunyoda uni hurmat qilishadi", - deydi u.

"SET" ning yana bir a'zosi Ilya Galkov dunyo yetakchilarining suratlari tushirilgan kartalarni yaratdi. U bu bilan dunyo yetakchilari va Rossiya muxolifatini AQSh Davlat departamenti boshqaryapti, degan tushunchani ifodalashga uringan.

"O'yinimizning yetakchisi ishtirokchilar orasidagi eng muloyimi", - deya u Putinning suratini ko'rsatadi.

Ammo Putin tarafdorlarining hammasini ham muloyim deb bo'lmaydi.

Masalan, "Nashi", ya'ni biznikilar deya ataluvchi guruh erkinlik tarafdori bo'lgan tinch namoyishchilarga zug'um o'tkazishi bilan taniqli.

O'zlarini "Anti-Maydan" deb atovchi yana bir guruh yanvar oyida muxolifat a'zolariga hujum qilgan. Bu esa noroziliklarning yanada kuchayishiga sabab bo'ldi. Ular Rossiyada Ukrainadagidek inqilobning yuz berishiga yo'l qo'ymaslikni maqsad qilganlarini aytadi. Guruhga ko'ra, Ukrainadagi mojarolar ortida Qo'shma Shtatlar turibdi.