Breaking News

AQSh qo’mondoni: Rossiya separatistlarga yordamni ikki karra oshirgan


Ukraine
Ukraine

Ukraina armiyasi va separatistlar o’rtasida kechayotgan janglarda yana 12 kishi halok bo’ldi. Lugansk va Donetsk viloyatlarini temiryo’l orqali bog’lab turuvchi Delabsevo shahriga snaryadlar yog’ilmoqda.

Rossiya separatistlarga yordamni ikki karra oshirgan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirdi. Bryusselda o’tgan majlisda qora ro’yxatni kengaytirishga kelishib olingan.

Ukraina sharqida urush alanga olar ekan, AQSh armiyasining Yevropadagi qo’mondoni Ben Xodjes fikricha, Rossiya bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlashi ikki maqsadni ko’zlaydi.

“Birinchisi, chegaralarni o’zgartirish. Ikkinchisi, NATO, Shimoliy Atlantika ittifoqini zaiflashtirish”, - deydi general.

Ukraina NATOga a’zo emas, lekin bu davlat sharqida nimalar bo’layotgani, mojaroda kim qanday rol o’ynayotgani yuzasidan mavhumlik tashkilotga bosimni oshiradi. Bu vaziyatda qanday chora ko’rish kerakligi aniq emas, deya sharhlaydi Xodjes.

Uning aytishicha, Rossiya so’nggi oylarda bo’lginchilarga berayotgan harbiy yordamini ikki karra oshirgan. Rus soldatlari isyonchilar safida jang qilayotganiga shubha yo’q, deydi u.

General o’tgan yili Qrim bosib olinishi oldidan u yerda paydo bo’lgan yashil formadagi harbiylarni misol keltiradi. Yuziga niqob tortilgan, hech bir belgisiz forma kiygan bu odamlar Rossiya soldatlari ekani keyinchalik ayon bo’ldi.

“Qo’liga qurol ko’targan oddiy odamlarni va professional harbiylarni yurish-turishiga qarab, anjomlariga qarab bir-biridan farqlay olamiz”, - deydi AQSh qo’mondoni.

Separatistlar janglarda zamonaviy qurollardan, og’ir artilleriyadan foydalanmoqda. Ukraina armiyasi ularga bas kela olishi uchun harbiy yordam kerak, lekin, deydi Xodjes, Qo’shma Shtatlar bunday yordamni uzatishi kutilmayapti.

General Ben Xodjes, shuningdek, Rossiyani NATOga a’zo qo’shni davlatlarga o’z so’zini o’tkazishga harakat qilayotganlikda tanqid qildi. O’tgan yili Rossiyada bir qonun qabul qilingan. Unga binoan, Sovet davrida armiyada xizmat qilishdan bosh tortgan litvaliklarga qarshi jinoiy ishlar ochilmoqda.

Natijada Litva fuqarolari Rossiyaga ish qidirib borishdan cho’chib qolgan, deydi general. Chunki ularni hibsga olishlari mumkin.

Kreml mana shunday qonunlar bilan hamda Ukrainadagi vaziyatga doir propagandani kuchaytirib, NATOga bosimni oshirmoqda.

Qo’mondon so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar bu bosimga javob berish uchun avvalgidek kuchli salohiyatga ega emas, chunki sovuq urushdan keyin prioritetlar o’zgargan. Buning ustiga, mudofaa byudjetini qisqartirish buyurilgan.

Kelasi hafta prezident Barak Obama 2016-yil uchun byudjet loyihasini taqdim etadi. Pentagonga 561 milliard dollar ajratish ko’zlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG