Breaking News

Rossiya Yevropada ultra-o'ng qanot partiyalarni qo'llab-quvvatlamoqda


Milliy front lideri Marin Le Pen
Milliy front lideri Marin Le Pen

Fransiyaning ultra-o’ng qanot Milliy front partiyasi Rossiya nazoratidagi bankdan bir necha million dollar olganini tan oldi. Bu Kremlning Yevropada shunga o’xshash partiyalar bilan aloqasi kuchayayotganidan dalil. Bu o’rtada Fransiya Rossiya uchun qurib bergan ikki kemani topshirishga shoshmayapti.

Fransiyaning “Mistral” kemalari harbiy vertolyotlar qo’nishi uchun moslangan bo’lib, shartnomaga ko’ra Parij ularni yil oxirigacha Rossiyaga yetkazib berishi kerak edi, ammo Prezident Fransua Olland Ukrainadagi vaziyat bois jarayonni to’xtatib qo’ydi.

Fransiyada so’rovlarda oldinda ketayotgan Milliy front partiyasi hukumatdan kontrakt shartlarini bajarishni talab qilmoqda.

“Biz sanoatimizni, har bir mamlakat bilan savdo qilish huquqimizni himoya qilmoqchimiz”, - deydi partiya vakili Gotye Bushe.

Milliy front lideri Marin Le Pen Moskvaga tez-tez safar qilib turadi. U yaqinda partiyasi uchun Birinchi Chex-Rossiya bankidan 11 million dollar qarz olganini tan oldi.

Londonda joylashgan Siyosatni o’rganish markazidan Nil Barnetning aytishicha, Kreml Yevropa Ittifoqiga qarshi, ultra-o’ng qanot partiyalarni qo’llab-quvvatlashga kirishgan.

“Maqsad Yevropa davlatlarini, hukumatlarini bir-biri bilan urushtirib qo’yish, oraga nizo urug’ini sochish. Radikal siyosiy kuchlar hokimiyatga kelsa, Kreml bu maqsadiga yetdi hisob”, - deydi Barnet.

G’arb oy boshida Ukraina sharqida isyonchilar o’tkazgan saylovlarni tan olmadi. Biroq Yevropadagi ayrim partiyalar saylovlarni kuzatishga rozi bo’ldi.

“Agar kuzatuvchilar ro’yxatiga nazar tashlasak, unda Qrimdagi referendum hamda Donetsk va Luganskdagi saylovlarni nazorat etish uchun Yevropadan Rossiyaga xayrixoh anchagina o’ng-qanot harakatlarni ko’rish mumkin”, - deydi Nil Barnet.

Bunday guruhlar orasida Vengriyaning “Jobbik” partiyasi ham bor. U mamlakatdagi lo’lilarni maxsus lagerlarga joylashni talab qilib, yahudiylarni milliy xavfsizlik uchun tahdid deb biladi.

Italiyaning “Forza”, Bolgariyaning “Ataka”, Gretsiyaning Kommunistlar partiyalari va qit’adagi ko’plab boshqa guruhlar ham bu saylovlarga vakillarini yuborgan. Tahlilchi Barnetning aytishicha, ba’zilari Rossiyadan moliyaviy yordam olayotgan bo’lishi mumkin.

“Bu bilan razvedka xizmati shug’ullanishi kerak. Ular uchun to’lovlarni uchinchi tomon amalga oshirmoqda”, - deydi ekspert.

Bu da’volar Moskva va Yevropa aloqalari ukrain masalasi yuzasidan sovuqlashgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Rossiya moliya vaziriga ko’ra, G’arb sanksiyalari va neftning arzonlashishi Rossiyaga yiliga 140 milliard dollarga tushadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy qiyinchiliklardan G’arbga qarshi hissiyotlarni uyg’otish uchun foydalanmoqda, deydi Vashingtondagi Xalqaro strategik izlanishlar institutidan Nikolas Redman.

“Rossiyada anti-amerikanizm avjida. Muxolifatdagi ayrim odamlarni endi xoinga chiqarish oson bo’ldi. Jamiyat soxta urush o’ylab topdi”, - deydi Redman.

Iqtisodiy urush haqiqiy va kuchayar ekan, tahlilchilar nazarida Rossiya Yevropada siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarish yo’llarini izlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG