Breaking News

AQSh ekspertlari: Ukrainani qurollantirib, Rossiyaga bosimni oshiring


Ukrainalik isyonchilar Donetsk aeroporti yonida, 18-noyabr, 2014-yil
Ukrainalik isyonchilar Donetsk aeroporti yonida, 18-noyabr, 2014-yil

Ukraina sharqida hukumat va isyonchilar o'rtasida ixtilof keskinlashmoqda. Amerikalik tahlilchilarga ko'ra, Rossiyaning Ukraina bilan chegarada ko'p sonli qo'shinlarni ushlab turishi, sentabrda Minskda imzolangan sulhning har ikki tomondan muntazam buzilishi mintaqadagi vaziyatni yanada xavfli qilmoqda.

Ukraina sharqida na armiya, na isyonchilar bo'sh kelmoqda. AQShdagi ayrim kuzatuvchilar nazarida G'arb hukumatlari mojaroga barham berishning samarali yo'lini topishi zarur.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida Rossiya va Yevrosiyo dasturi direktorining o'rinbosari Jeffri Mankoffning aytishicha, yozdan beri isyonchilar nazoratidagi hududlar Ukraina davlati boshqaruvidan chiqqan.

G'arb hukumatlari Ukrainani qo'llab-quvvatlayotgan bo'lsa-da, mamlakat sharqida aslida nima bo'lganini yaxshi tushunmaydi, nima qilish kerakligini bilmaydi, deydi tahlilchi.

“Hozirgi sharoitda Rossiya isyonchilarga ko'rsatayotgan yordamidan voz kechadi deb o'ylamayman. Bunga na salbiy va na ijobiy sabab bor. G'arb Rossiya manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishga qodir siyosat ishlab chiqmadi. Ana o'shanda Moskva hozirgi yo'l xavf va tavakkalga yetaklashini bilgan bo'lardi”, - deydi Mankoff.

Agar mojaro davom etsa, deydi tahlilchi, separatistlarga qarshi kurashda Ukrainaga qurol uzatishga to'g'ri keladi.

AQShning Ukraina va O'zbekistondagi sobiq elchisi Jon Xyorbstning aytishicha, mojaro qisman ochiq, qisman maxfiy urushga aylandi. Sobiq diplomat hozirda Vashingtondagi Atlantika Kengashida Yevrosiyo markazini boshqaradi. Uning nazarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sharqda bo'lginchilarni qo'llab-quvvatlash orqali Ukrainadagi vaziyatni izdan chiqarib, Kiyevdagi hukumat uchun jiddiy va davomiy boshog'riq yaratmoqchi.

Xyorbst fikricha ham, G'arb davlatlari Kiyevni qurollantirib Moskvaga bosimni oshirishi kerak.

“Sanksiyalarni ko'rdik. Sharqiy Yevropa mamlakatlarining aksariyati va, xususan, Boltiq davlatlariga NATO qo'shimcha kafolatlar ham berdi, ammo haligacha Ukrainaga qurol uzatilmayapti. Shundagina Putinning bosqinchi harakatiga chek qo'ysa bo'ladi", - deydi sobiq elchi.

Karl Altau Boltiq-Amerika qo'shma milliy qo'mitasini boshqaradi. Uning aytishicha, Rossiyaning energetika tizimi va siyosiy rahbariyatiga qarshi sanksiyalarni muntazam ravishda kuchaytirish orqaligina Moskvani Ukrainaga doir hozirgi siyosatidan qaytarish mumkin.

“Aks holda Kreml bosimni sezmaydi va Yevropada bu masala bo'yicha yakdillikdagi raxnadan foydalanishi mumkin”, - deydi Altau.

Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson universitetida xalqaro aloqalar bo'yicha professor Erik Shiryayevning aytishicha, Ukrainadagi mojaro Putin va uning hukumati manfaatlariga xizmat qildi, Rossiyada aholining prezidentga bo'lgan ishonchi va xayrixohligini kuchaytirdi.

Biroq so'nggi paytda, deydi Shiryayev, rossiyalik siyosiy tahlilchilar orasida hukumatning Ukrainadagi harakatlarini tanqid qilayotganlar ko'paymoqda.

"Ayrim ekspertlar Moskva siyosatini ochiqchasiga tanqid qila boshlagan. Balki bu Ukrainadagi mojaroga barham berishda yordam berar. Vaziyatga millatchilik pozitsiyasidan, hissiyotlarga berilmay baho beruvchi, sog'lom va ratsional fikrlar tobora ko'proq yangramoqda", - deydi professor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG