Rossiya muxolifati cherkovni vositachi bo'lishga undadi

  • Amerika Ovozi

Rus Pravoslav cherkovi patriarxi Kiril

Moskvada 4-fevralga yirik namoyishlar rejalangan. Muxolifat bir millionga yaqin odamni ko'chaga olib chiqishni ko'zlamoqda. Bosh vazir Vladimir Putin norozilikka qaramay hokimiyatda qolishga umid qilyapti. Ba'zi kuzatuvchilar nazarida Rossiyada saylov sabab jamiyat ikkiga bo'linishi mumkin. Rus Pravoslav cherkovi tomonlarni birlashtirishga qodir kuch bo'la oladimi?

Rossiya patriarxi Kirilning Kremlda o'z idorasi bor. Cherkov byudjetiga pulning katta qismi davlatdan tushadi. Shu sabab dekabr oyida parlament saylovlaridan so'ng yirik namoyishlar boshlanganida faollar cherkov chetda turadi deb o'ylagan edi.

Biroq patriarx Kiril hukumat va Vladimir Putinga murojaat qilib, xalq talablariga quloq solishga chaqirdi.

"Namoyishlarga befarqlikdan yomoni yo'q. Davlat turli sharoitlarga moslasha bilishi kerak. Xalq istagini inobatga olishi lozim", - deydi din peshvosi.

Cherkov hisobiga ko'ra, Rossiyada 80 million pravoslav nasroniy bor. Fuqarolarning dinga munosabati siyosiy qarashlaridan ustun bo'lishi kerak, deydi patriarx.

Moskvalik tahlilchi Roman Lukinning aytishicha, cherkov tomonlardan hech biriga yon bosmay, hukumat va namoyishchilar o'rtasida vositachi bo'lmoqchi.

Dekabrdagi namoyishlardan so'ng muxolifat yetakchilaridan biri Aleksey Navalniy patriarxdan vositachi bo'lishni so'ragan. 10 kuncha oldin Navalniy cherkov rahbariyati bilan uchrashib, muloqotni boshlashga chaqirgan.

Patriarxning aytishicha, jamiyatda murosa bo'lmasa, inqilobiy vaziyat yuzaga kelib, bir asr oldingi bolsheviklar inqilobi takrorlanishi mumkin.

"Hukumatga ham, xalqqa ham gapim shu. Noroziliklar bo'lsa, ularni tinch yo'l bilan bildirish kerak, provokatsiyaga berilmasdan, mamlakat birligiga rahna solmasdan. Bundan ortiq tarqoqlasha olmaymiz, haqqimiz yo'q. Hukumat jamiyat talablaridan kelib chiqib, muloqot va sabr-toqat orqali siyosatni tuzatishi kerak", - deydi cherkov rahbari.

Patriarxlikka kelishdan oldin Kiril 10 yil davomida cherkovda matbuot kotibi bo'lib ishladi, jamoatchilik bilan aloqaning muhimligini tushunadi. Cherkovning mamlakat bo'ylab bo'limlaridan internetda sahifa ochish so'ralgan. Asosiy sahifada diniy mavzulardan tashqari siyosiy masalalar ham ko'tariladi, ayrimlarida korrupsiya qoralanadi.

Cherkov mutasaddilaridan biri Dmitriy Sverdlov internetdagi bloglari bilan yaxshi tanish. Aksariyat bloggerlar kabi u ham saylovlar mavzusini chetlab o'tmadi.

"Bunday yirik mamlakatda jiddiy muammolarni hal qilish oson emas. Ayniqsa, turli manfaatlarni himoya qiluvchi ko'plab kuchlarni inobatga oladigan bo'lsak. O'zgarishlarga intilayotganda ikki narsani hisobga olish kerak. Ulardan ijobiy natija bo'lishi lozim va shu bilan birga mamlakatni barbod qilmaslik kerak", - deydi Sverdlov.

Prezident saylovlari 4-martga belgilangan. Ungacha yirik namoyishlar rejalangan. Rus bahori qanday bo'lishini hozircha oldindan aytish qiyin.