Yaqin Sharqda o'zini “Islomiy davlat” deya ta'riflayotgan radikal guruhga qarshi kampaniyaga Rossiya ham qo'shildi. Lekin G'arb matbuotiga ko'ra, Rossiya Suriyada olib borayotgan amaliyotlarda asosan Assad rejimiga qarshi kuchlar nishonga olinmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
O'zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazir 75 foiz aholisi sunniylardan iborat bo'lgan Suriyada shialar va alaviylar qo'llayotgan Bashar al-Asad hukumatini saqlab qolishga urinishlarni xomxayol deb hisoblaydi.
“Rossiyaning rejasi Damashqni mustahkamlash, Suriyani yana Assadlar sulolasiga topshirish. Rossiya o'ylayotgan reja bu fantastika, xomxayol, endi hech qachon Assad hukumati Suriyani nazorat qila olmaydi. Assadlarga tegishli tor bir diniy guruh 75 foiz sunniy aholini boshqarishi mumkin emas. Bu narsa endi tarixda qolib ketdi, boshqa qaytmaydi. Rossiya buni qanday amalga oshirmoqchi noma'lum, ehtimol Eron bilan hamkorlikda boshqa bir maqsad ko'zlayotgandir. Masalan, Suriyani parchalab, Assad nazoratida qolayotgan Latakiyada rossiyaparast davlat tuzish. Rossiyaning “Islomiy davlat” guruhiga qarshi urushishi shubhali, bu bilan ishi ham yo'q", - deydi Nazir.
Kreml ma'lumotiga ko'ra, rus harbiy uchoqlari “Islomiy davlat” joylashgan hududlarni nishonga olgan, jangarilarga tegishli bir nechta obyektlar yo'q qilingan.
“Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan Suriya birlashgan muxolifati tarqatgan bayonotda esa samolyotlar “Islomiy davlat” guruhini emas, muxolifat pozitsiyasini nishonga olgani, natijada 30 dan oshiq aholi qurbon bo'lgani aytiladi.
Rossiya boshlagan harbiy havo amaliyoti AQSh va Yevropa tomonidan ham bahsli tarzda qarshi olindi. Saudiya Arabistoni tinch aholi qurbon bo'layotgan hujumlarni to'xtatish talabi bilan chiqdi.
Anvar Nazirga ko'ra, Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasidan maqsad “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashish emas, balki Asad hukumatini mustahkamlashdir.
“Hozirgi asosiy maqsad Assad nazoratida qolayotgan Latakiyani Assadga qarshi bo'lgan kuchlardan tozalash - ular kim bo'lishidan qat'i nazar, kurdlar bo'ladimi, “Islomiy davlat” guruhiga ham qarshi kurashayotgan Ozod Suriya armiyasi bo'ladimi, buning farqi yo'q. Faqat shundan so'nggina Rossiya “Islomiy davlat”ni bombardimon qilishga tayyormi, degan savol qo'yilishi mumkin. Gap shundaki, Putin Ukrainada g'alaba qozana olmadi, botqoqqa botib qoldi, atrofida sanksiyalar. Shu yo'l bilan, ya'ni “Islomiy davlat”ga qarshiman deyish bilan bu inqirozdan chiqib ketmoqchi, G'arbga yaqinlashmoqchi. Ammo Suriya Rossiya uchun bunday variant bo'lolmaydi, chunki Suriya Qrim emas”, - deydi suhbatdosh.
Putinning Suriyada “Islomiy davlat”ni havodan nishonga olish qarori aksariyat davlatlar tomonidan quvvatlandi. Bu qaror Ukraina mojarosi bois yakkalangan Rossiyaning xalqaro siyosiy maydonga qaytishiga ham imkoniyat yaratdi.
BMT Bosh Assambleyasida so'zlagan Rossiya prezidenti “Islomiy davlat” umumiy tahdidga aylangani, bu guruhga qarshi hamkorlikda kurashish lozimligi haqida gapirdi.
Anvar Nazirning aytishicha, Putinning xalqaro siyosiy maydonga qaytishi ziddiyatlar kuchayishi bilan kuzatilmoqda.
“Rossiya Qrimni olganidan keyin Ukraina sharqida boshladi, endi Suriyaga o'tayapti. Oxirgi bir manzili ko'rinmaydi. Vladimir Putinning ahvoli og'ir, asosiy maqsadi xalqaro maydonda yo'qotgan hurmatini, boy berilgan nazoratlarni tiklashga urinayapti. Suriyadagi harbiy amaliyotlarda esa aniq bir dastur yo'q, mavhum. Bu esa xavfsizlik nazaridan yanada kattaroq xavotirlar tug'diradi. Ya'ni bu aralashuv qanday oqibatlarga olib keladi? Afsuski, nazarimda, G'arbdagi ayrim siyosatchilar ham buni yaxshi anglashmayapti”.
Suriyada Bashar al-Assad va muxolifat o'rtasidagi to'qnashuvlar bir necha yildirki davom etmoqda. Hozirga kelib Suriyaning katta qismi muxolif kuchlar nazoratiga o'tgan. Rossiya va Eron tomonidan qo'llab kelinayotgan Assad qo'shinlari mamlakatning 20 foizdan oshiq qismini nazorat qilayotgani aytiladi.
Suriyadagi fuqaro urushi natijasida qator shaharlar vayron bo'ldi, millionlab odam qochqinga aylandi.