Suriyadagi qariyb besh yillik urushni to'xtatishga qaratilgan diplomatik harakatlar avjida. Kelasi hafta shu mavzuga bag'ishlangan xalqaro anjumanda bir qancha davlatlar ishtirok etishi kutilyapti.
AQSh va Rossiya tashqi ishlar vazirlari kecha Avstriyada yuzma-yuz uchrashuvdan so'ng jurnalistlarga shu haqda bayon qildi. Turkiya va Saudiya Arabistoni rasmiylarini ham o'z ichiga olgan muzokaralar "konstruktiv" o'tgani xabar qilinmoqda.
"Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda har qanday ko'makka yo'q demaydi. Rossiya koalitsiyamizga qo'shilmoqchi bo'lsa, buni olqishlaymiz", - deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.
Lekin, deya qo'shadi u, mo'tadil muxolifatni nishonga olish "Islomiy davlat"ni kuchaytirishga xizmat qiladi. Amerika rasmiylariga ko'ra, Rossiya Suriyada amalga oshirayotgan havo hujumlarining katta qismi aynan boshqa guruhlarga qaratilgan. Kreml buni rad etadi.
Suriyaga harbiy va moliyaviy madad ko'rsatayotgan Rossiya nazarida, Prezident Bashar al-Assad bu mamlakatning qonuniy rahbari. AQSh, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar tinchlik qaror topishi uchun Assad ketishi kerak, deb hisoblaydi.
Venada o'tgan uchrashuvlar ketidan Rossiya AQSh quvvatlayotgan "Ozod Suriya" armiyasiga ko'mak berishga tayyormiz, demoqda. Assad hukumatiga va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan guruhlarning bittasi bu.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko'ra, Amerika Rossiya bilan harbiy hamkorlikdan bosh tortib kelayotgani, "Ozod Suriya" a'zolari qayerda joylashgani haqida ma'lumot bermayotgani katta xatodir. Lavrov jihodchilarga qarshi kurashda bu guruhga havodan madad ko'rsratilishini aytdi.
Rossiya, shuningdek, Suriyada parlament va prezidentlik saylovlarini o'tkazish taklifini yoqlamoqda. AQSh Lavrovning so'nggi bayonotlariga izoh bergani yo'q.