Rossiya qiruvchi samolyotlari Suriyaning Xums shahri yaqinida jangarilarga qarshi havo zarbalarini boshlagan. Kreml bu haqda AQShni ogohlantirgan.
Vashington nazarida Rossiya "Islomiy davlat" ni nishonga olmayapti balki Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan boshqa guruhlarni o'qqa tutmoqda.
Avvalroq Rossiya parlamentining yuqori palatasi Suriyaga harbiy bo'linmalarni joylashtirish bo'yicha Prezident Vladimir Putin kiritgan taklifni ma'qullagan edi. Suriyaga qo'shin yuborishdan maqsad "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda Prezident Bashar al-Assad kuchlariga yordam berish ekani aytilmoqda.
So'nggi paytda Rossiya Suriyadagi harbiy ishtirokini kengaytirmoqda. Pentagon ma'lumotiga ko'ra, Kreml shimoliy Suriyaga qiruvchi samolyotlar, qurol-aslaha va askarlar jo'natgan.
BMT minbaridan turib shu mavzuda gapirgan Putin "terrorchilar bilan yuzma-yuz kurashayotgan Suriya Prezidenti Assad kuchlariga yordam bermaslik katta xato bo'lishini" ta'kidladi. U mo'tadil muxolifatni qurollantirayotgan G'arbni tanqid qildi. Putinga ko'ra, bu guruhlar "Islomiy davlat" safiga borib qo'shilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyada jangarilar manzillarini havodan nishonga olish amaliyoti boshlanganini tasdiqladi.
AQSh ham, ayni paytda, Suriyadagi harbiy havo missiyasini davom ettirishini bildirdi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi ma'lum qildi.
Shuningdek, Kreml olib borayotgan havo hujumlari IShID manzillarini nishonga olmayotgani haqida xabarlar paydo bo'lgan. Rossiya esa bu iddaoni rad qilmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning jurnalistlarga aytishicha, Rossiya harbiy samolyotlarining jangarilarni nishonga olmayotgani haqidagi gaplari asossiz.
Mo'tadil muxolifat sanaladigan Suriya milliy koalitsiyasi rahbari Xolid Xo'ja Rossiyaning Suriyadagi hujumlarini keskin qoraladi.
"Rossiya IShIDga qarshi kurashmayapti. U IShIDni rad qilgan jamoalarni va tinch aholini nishonga olyapti. Harbiy kuchini aholiga qarshi Assad rejimini qo'llab-quvvatlashga ishlatyapti", - deydi u.
Xolid Xo'janing aytishicha, xalqaro hamjamiyat Rossiyaning bu ishini qoralab, Suriya fuqarolarini himoya qilish choralarini ko'rishi kerak. Buning uchun havodan zarba berishlar butunlay taqiqlanishi kerak, deydi u.
Xolid Xo'ja ayni paytda Nyu-Yorkda. U BMT anjumanida qatnashib, xalqaro hamjamiyat yetakchilarini Suriyada uchish taqiqlangan havo zonasini joriy etishga undamoqda.