Rossiya Tolibon bilan aloqa o'rnatgan

  • Amerika Ovozi

Rossiya prezidentining Afg'oniston bo'yicha mas'ul vakili Zamir Kabulov

Markaziy Osiyoda "Islomiy davlat" guruhi ta'siri kengayayotgani yuzasidan Rossiya xavotiri oshar ekan, Moskva Afg'onistondagi Tolibon harakati bilan aloqa o'rnatgani haqida xabarlar bor.

Kreml bu xabarlarni rasman tasdiqladi.

"Tolibon va bizning o'rtamizda ma'lumot almashish kanallari bor. IShIDga qarshi kurashda Tolibon manfaatlari bizniki bilan mos keladi", - dedi Rossiya prezidentining Afg'oniston bo'yicha mas'ul vakili Zamir Kabulov.

Tahlilchilarga ko'ra, Moskva Tolibon bilan hamkorlik qilish orqali ikki tomonlama diplomatik o'yin o'ynayapti. Sovet armiyasi Afg'onistonni tark etishidan chorak asr o'tib, Rossiya Kobulda harbiy va iqtisodiy yordam ko'lamini oshirgan. Ushbu ko'mak dasturi doirasida 10 ming dona Kalashnikov avtomati hamda millionlab o'q-dori berilgan. Hukumat bu qurol-aslaha bilan Tolibon va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashadi.

Kobulda joylashgan tahlilchi Vohid Mujdaning aytishicha, Moskva Tolibon madadkori sifatida ko'rinishni istamaydi.

"Rossiya Kobul bilan yaxshi aloqalarga ega. Tolibon bilan muloqotga kirishgani Afg'oniston hukumatiga qarshiligini bildirmaydi", - deydi u.

Pokistonning ingliz tilida chiqadigan "Millat" gazetasida Tolibon yetakchisi Mulla Axtar Mansurning Prezident Vladimir Putin bilan maxfiy uchrashgani haqida maqola chiqqan. Unda yozilishicha, uchrashuvda Rossiya guruhning "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashini qo'llab-quvvatlashi masalasi muhokama qilingan.

Bu xabarning haqiqatga qanchalik yaqin ekani ma'lum emas. Tolibonning aytishicha, IShIDga qarshi kurashda guruh xorijliklarning yordamiga muhtoj emas.

Rossiya Tolibon yordami bilan qo'shni o'lkalarga "Islomiy davlat" ta'siri yoyilishining oldini olmoqchi, deydi ayrim kuzatuvchilar.

Iroq va Suriyaning katta hududlari ustidan hanuz nazoratini saqlab qolayotgan jangari guruh e'lon qilgan videolarga ko'ra, Pokiston va Afg'oniston chegaralarida markaziy osiyolik bir qator jangarilar harbiy tayyorgarlikdan o'tmoqda. Tolibon safida ham markaziy osiyoliklar bor.

Rossiya matbuotining yozishicha, IShID safidagi ko'plab xorijlik jangarilar terror xurujlarini amalga oshirish uchun o'z vataniga qaytishi mumkin.

"Rossiya Markaziy Osiyoda xavfsizlik bo'yicha vaziyat yomonlashayotganidan xavotirda", - deydi Rossiya bo'yicha ekspert Stefan Blank.

Afg'oniston hukumati Rossiya bergan ko'mak uchun minnatdorchiligini izhor etayotgan bo'lsa-da, Tolibon va Kreml o'rtasidagi aloqalardan noroziligini ham yashirmayapti.

Kobuldagi hukumat maslahatchilaridan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, ko'plab qo'shni davlatlar Tolibonning turli guruhlari bilan aloqaga chiqqan.

"Tolibonga murojaat qilmagan yagona davlat ehtimol bu O'zbekiston. Rossiya va Tolibon aloqalarini o'rnatishda Tojikiston muhim rol o'ynagan", - deydi u.

Tolibonning Rossiyadan biror yordam olgani ma'lum emas, ammo guruh so'nggi paytlarda xalqaro mavqeini tiklashga urinmoqda.

O'tgan hafta Tolibon yangi jang mavsumi oldidan xurujlar soni yanada ko'payishi haqida ogohlantirdi. Kobul esa bu bayonotni "navbatdagi propaganda" deb atadi.

O'tgan yili Qunduz viloyati bir muddat Tolibon nazoratiga o'tgan edi. Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, Qunduz amaliyotida Tolibonning 1300 xorijlik vakili ishtirok etgan.

"Islomiy davlat" jangarilari Nangarhor va Kunor viloyatlarida faol. Afg'oniston va NATO birgalikda o'tkazgan harbiy amaliyotda Nangarhordagi ko'plab IShID manzillari jangarilardan tozalangan. Ammo hukumat kuchlari va IShID hamda IShID va Tolibon o'rtasidagi to'qnashuvlar davom etmoqda.

Rossiya nazarida "Islomiy davlat" Afg'onistondan boshlang'ich nuqta sifatida foydalanmoqda.

"Ularning boshqa maqsadlari bor. Ular Afg'onistondan foydalanib, ta'sirlarini yanada kengaytirmoqchi", - deydi Rossiyaning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulov.

Rossiya Tojikistonda terrorizmga qarshi harbiy mashg'ulotlar o'tkazmoqda. Tahlilchilar nazarida, bu Afg'onistonda xavfsizlik bo'yicha vaziyat og'irlashayotgani bilan bog'liq.