Prezident Donald Tramp Vladimir Putin bilan uchrashuvida Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi yuzasidan uni savolga tutganini aytmoqda.
"Orani ochiq qildik, endi Moskva bilan konstruktiv hamkorlik tomon qadam tashlashimiz lozim", - deydi Tramp.
AQSh rahbari Germaniyada o’tgan Katta Yigirmalik yig’inidagi uchrashuvlarini Twitter-da izohladi. Unga ko’ra, Putin AQShdagi saylovlarga aralashgani to’g’risidagi da’volarni qat’iyan rad etgan.
Donald Tramp, deydi Oq uy rasmiysi Rayns Pribus, Putinning raddiyasini qabul qilmagan.
“Uchrashuvning boshidan Tramp Vladimir Putindan tushuntirish talab qildi. Muloqot davomida yana kamida ikki marotaba bu mavzuni ko’tardi. Besh daqiqalik suhbat emas, kiber-xurujlar to’g’risida o’rtada jiddiy bahs bo’ldi”, - deydi rasmiy.
AQSh va Rossiya rahbarlari, shuningdek, kiber-jinoyatlarni bartaraf etish bo’yicha qo’shma guruh tuzish haqida gaplashgan. Ayrim respublikachi qonunchilar buni “eng ahmoqona fikr” deb ta'riflamoqda.
Bir necha soatdan so’ng Trampning o’zi ham Rossiya bilan bunday guruh tuzish rejasidan voz kechishini bildirdi.
FBR tekshiruvi
AQSh prezidentining katta o’g’li o’tgan yili yozda Rossiya hukumatiga yaqin bo’lgan bir advokat bilan uchrashganini tan oldi. Uchrashuv Nyu-Yorkda, Tramp minorasida bo’lib o’tgan. O’shanda Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlikni qo’lga kiritgan edi.
Bir qancha manbalarga ko’ra, advokat Nataliya Veselnitskaya prezidentlikka demokrat nomzod Hillari Klintonning kampaniyasiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlarga ega ekanini aytganidan so’ng, Kenja Tramp u bilan ko’rishgan.
Uchrashuvda Trampning kuyovi Jared Kushner va o’sha paytdagi yaqin maslahatchisi Pol Manafort ham qatnashgani aytiladi. Otam, deydi Kenja Tramp, uchrashuvdan bexabar edi.
Aytish joiz, AQSh Federal qidiruv byurosi hamda Kongress Rossiya prezidentlik saylovlari natijasiga ta’sir o’tkazgani haqidagi da’volarni tekshirmoqda. Trampning maslahatchilari, unga yaqin shaxslarning Rossiya bilan aloqalari ham tekshiruv ostida.
Kenja Tramp so’zlariga ko’ra, rus advokati uchrashuvda Hillari Klinton haqida hech qanday foydali ma’lumot taqdim etmagan.