AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko’ra, Rossiya Ukraina sharqidagi isyonchilarga raketa otadigan ilg’or vositalarni yetkazish arafasida.
Pentagondagi muxbirimiz Jeff Seldinning xabar berishicha, og’ir qurollar yarim yildan oshiq davom etayotgan mojaroda katta burilish yasashi mumkin.
Internetga nazar tashlasangiz, Rossiya hududidan Ukrainaga raketa otilayotganini da’vo qiluvchi ko’plab video lavhalarni ko’rasiz.
AQSh harbiylarining aytishicha, Ukrainada o’z davlatini e’lon qilgan ayirmachilar yaqin orada ana shunday kuchli sistemalarga ega bo’ladi.
“Rossiya ularni uzatishga shay”, - deydi AQSh Mudofaa vazirligi so’zlovchisi polkovnik Stiv Vorren.
“Artilleriya mo’ljalni aniq uradigan qurol emas. Shuning uchun ular ishga solinsa, talofatlar oshishi tayin”.
AQSh maxfiy xizmatlari to’plagan ma’lumotlariga qaraganda Rossiya separatistlarga 12 tagacha raketa vositalari berishni rejalamoqda va ular birdaniga yetkazilmaydi.
Harbiy tahlilchi Sim Takning qayd etishicha, Ukraina armiyasi so’nggi payt bir qancha shahar-qishloqlarni qaytarib olishga muvaffaq bo’ldi. Ammo og’ir artilleriya bilan ularning yo’liga to’siq qo’yish mumkin.
Rossiya, deydi u, o’z hududidan Ukraina harbiylariga qarata raketalar otib, separatistlarni quvvatlayotgani sir emas.
“Bunday texnika bilan isyonchilar urushda ustun keladimi, yo’qmi, aytish qiyin”, -deydi mutaxassis.
Ukrainada qariyb 300 kishini hayotdan olib ketgan aviahalokat ketidan tomonlar birmuncha hushyor tortadi deb umid qilgan Qo’shma Shtatlar mojaro, aksincha, avj olayotganidan chuqur tashvishda. Vashington nima qilmoqchi, deya jurnalistlar Oq uyni savolga tutmoqda.
“Boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda prezident Vladimir Putinni va Rossiyani yakkalaymiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.
AQSh razvedkasiga ko’ra, Ukraina Rossiya hududini o’qqa tutayotgani haqidagi iddaolar asossiz. Kreml nazarida esa Vashington turli uydirma gaplar bilan Rossiyani badnom qilishga harakat qilayapti. Moskva Yevropa Ittifoqining so’nggi sanksiyalaridan ham keskin norozi.
Amerika diplomatlarining ogohlantirishicha va NATO tasdiqlashicha, Rossiya Ukraina chegarasiga yana qo’shin torta boshlagan. Hozirda zobitlar soni 15 mingga yetdi.