Obama: Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joyida qoladi

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 17-aprel, 2015

AQSh rahbari Barak Obama fikricha, uning davlati va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo'ygan sanksiyalar hali-beri yumshatilmaydi.

Ukraina sharqida vaziyat qaltis, deydi u, sulhga amal qilish har ikki tomonning vazifasi. Rossiya separatistlarga yordamni to'xtatishi kerak, deydi Obama.

Oq uyda Italiya Bosh vaziri Matteo Renzi bilan uchrashar ekan, u butun Yevropani Amerikaning yaqin hamkori deb ta'riflab, Rossiyani qo'shni davlatlarning tinchligini buzayotganlikda aybladi.

Bu hafta AQSh havo kuchlari brigadasi Ukraina harbiylarini treningdan o'tkazishni boshladi.

Kreml nazarida, Vashington bu ishi bilan notinch mamlakatdagi mashmashaga to'g'ridan-to'g'ri bosh suqmoqda.

Bu holat vaziyatni yanada murakkablashtiradi, deydi Rossiya rahbari Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Payshanba kuni kechgan press-anjumanda Putinning o'zi Amerikani gegemonlikda qoraladi. AQShga hamkor emas, vassallar - qaram davlatlar kerak, dedi u.

Vashington nazarida esa Putin o'z qora ishlarini shunday safsata bilan o'rab kelmoqda.