O'zbekiston Rossiya armiyasini harbiy hamkorlik mashqlarini o'tkazish uchun Jizzaxdagi poligonga taklif etmoqda. Bu uzoq yillik tanaffusdan so'ng rus harbiylarining O'zbekistondagi mashqlarda dastlabki ishtiroki bo'ladi. Ekspertlar nazarida Toshkent Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) ga qaytishi mumkin.
KXShT a'zolari orasida Rossiya bilan harbiy hamkorlikka kirishishdan xavotir kuchayib borayotgan bir paytda, deydi tahlilchilar, O'zbekistonni harbiy aloqalarni rivojlantirishga undayotgan sabablar Afg'onistondagi vaziyat, Putin va Mirziyoyev o'rtasidagi shaxsiy munosabatlar bilan bog'liq.
3-iyul kuni KXShT a'zosi bo'lgan Belarusda Rossiya bilan kutilayotgan harbiy mashqlar o'tkazilishiga qarshi norozilik namoyishi bo'lib o'tdi. Norozilik ishtirokchilari oktabr oyida Minksda o'tishi rejalangan “G'arb-2017” harbiy hamkorlik mashqlari bekor qilinishini talab qilishgan. Belarus jamoatchiligi vakillari Rossiya bilan mashqlarni mamlakat mustaqilligi uchun xatarli baholashmoqda.
Rossiya va O'zbekiston o'rtasida harbiy mashqlarni o'tkazishga Toshkentda Mudofaa vaziri Qobгl Berdiyev va Rossiya mudofaa vazirligi generali Vladimir Zarudnitskiy o'rtasida o'tgan muzokaralar davomida kelishilgan. Qo'shma mashq shu yilning oktabr oyida Forish poligonida o'tkazilishi kutilmoqda.
Bu mashqlar so'nggi o'n yillar davomida O'zbekistonga kiritilmagan rus armiyasining mamlakatdagi dastlabki ishtiroki bo'ladi.
Rossiya armiyasi generallari, shuningdek, O'zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - KXShTga qaytishi mumkinligi haqida gapirmoqda.
Bu ittifoqning o'zida Rossiya bilan harbiy hamkorlikni xavotirli baholayotganlar bor. Shunday bir vaziyatda O'zbekistonni Rossiya armiyasini mamlakatga taklif etishga nima majbur etmoqda? Toshkentda KXShTga qaytish niyati bormi?
Bu savollarga Turkiyada yashayotgan o'zbek siyosatshunosi Namoz Narmo'min shunday javob beradi:
“O'zbekistonni bu harbiy ittifoqqa qaytishi ehtimoli kam, har holda Mirziyoyev Karimov siyosatining ishida bo'lgan odam. Bu uning hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari bilan olib borayotgan siyosatiga yon bosadi. Albatta, KXShTga a'zo bo'lmaydi, lekin Rossiya bilan alohida siyosiy, harbiy munosabatlar bo'ladi. Hozirgi aytilayotgan harbiy hamkorlik mashqlarini ham katta bir mashq deyish qiyin, kichikroq ko'rinishda bo'ladi. Faqat uning o'tishini o'zi muhim bir ma'noga ega, harbiy, taktik jihatdan unchalik ahamiyatli bo'lmagan taqdirda ham”, - deydi Normo'min.
Islom Karimov davrida qabul qilingan tashqi siyosat tamoyillarga ko'ra, O'zbekiston qonunchilik darajasida harbiy siyosiy bloklarga qo'shilmaydi, xorij harbiy bazalariga joy bermaydi, mamlakat harbiylari tashqaridagi amaliyotlarda ishtirok etmaydi. Mirziyoyev ham bu tamoyillarga sodiqlik bildirgan. Rossiya bilan mashqlar o'tkazilishi bu tamoyillarga qanchalik o'zgartirishlar kiritishi hozircha noma'lum.
Ammo Mirziyoyevning Rossiya bilan munosabatlarda qat'iyat ko'rsatishda ancha zaif ekanligi ham e'tirof qilinmoqda.
“Mirziyoyev bilan Putinning munosabatlari ham diqqatli. Karimov Putinga qarshi juda qattiq turardi, qat'iy edi, lekin Mirziyoyev ehtimol yangi prezident bo'lganligi uchun bunday qat'iyatni ko'rsata olmadi, Putinga moyillik bildirdi. Bunday keyingi jarayonlarda Mirziyoyev qat'iyat ko'rsatadi degan umidimiz bor. Russiyaga katta yon bosish O'zbekistonning manfaatiga to'g'ri kelmaydi. Biz Rossiya bilan ko'proq iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishimiz kerak”, - deydi Normo'min.
Harbiy hamkorlik mashg'ulotlari yuzasidan O'zbekiston tomoni hozircha biror ma'lumot taqdim etmagan. Rossiya armiyasining qanday qismlari va qancha harbiylari ishtirok etishi, O'zbekistonga qancha muddatga kelishi va qanaqa harbiy texnikalar olib kirilishi, mashg'ulotlarning muddati, qachon yakunlanishi haqida ham ma'lumot yo'q.