"Yunarmiya" - Putinning yoshlar armiyasi

  • Amerika Ovozi

9-may Qizil maydonda o’tadigan G’alaba kuni paradida ilk bor “Yunarmiya”, yoshlar armiyasi ham qatnashadi. Bu tashkilotni Prezident Vladimir Putin 2005-yilda tuzgan, hozirda 30 mingdan oshiq a’zosi bor.

Har yili 9-may kuni Qizil maydonda o’tadigan parad uchun kechki repetitsiya… bu yili yoshlar armiyasi ham maydonda saf tortadi.

“Yunarmiya” vatanparvarlik harakati bir yil oldin atigi yuz a’zoga ega edi. Bugun 30 mingdan ziyod. Bolalarning yoshi 11 dan 18 gacha.

“Ochig’i, bu harakatni tuzishdan maqsad yoshlarning oppozitsiyaga qo’shilmasligini ta’minlash”, - deydi Moskvadagi Karnegi Jamg'armasi xodimi Andrey Kolesnikov.

26-mart kuni Rossiya bo’ylab minglab fuqaro ruxsatsiz namoyishlarga chiqib, hukumatni korrupsiyaga chuqur botganlikda ayblagan edi.

Telekanallar bu chiqishlarni uncha yoritmagan bo’lsa-da, ularda minglab yoshlar qatnashdi. Hibsga olinganlardan biri 20 yoshli David-Viktor Yatkin.

“Ijtimoiy tarmoqlarda bo’lsangiz, namoyishlar haqida tezda xabar topasiz. Katta yoshdagilar esa internetga kirmaydi, davlat televideniyesiga tayanadi”, - deydi u.

Kremlga yaqin guruhlar internetda G’arbga qarshi propaganda olib bormoqda. “Yunarmiya” kelajakda harbiylashgan millatchilar bo’ladi degan xavotir bor.

“Ogoh bo’lish lozim. Kremlga aloqador bo’lmagan va yoshlardan iborat millatchi tashkilotlar hozir ham bor”, - deydi Karnegi jamg’armasidan Andrey Kolesnikov.

Bilim yurtlarida o’qituvchilar talabalarni muxolifat namoyishlariga qo’shilmaslikka da’vat etayotgan videolar internetda paydo bo’ldi.

Shaharlarda yoshlar faol, lekin ular ozchilik.

“Odamlar namoyishlarga chiqayotgani quvonarli. Lekin aholining katta qismi passiv, hozirgi hukumatni quvvatlaydi”, - deydi Ratkin.

Rossiya harbiy salohiyatini namoyish etib dunyoga bildirmoqdaki, mamlakat o’zini va manfaatlarini himoya qilishga tayyor. Bu yilgi paradda yoshlar armiyasi qatnashayotgani ham bejiz emas. Hukumat o’sib-ulg’ayib kelayotgan avlod orasida o’z tarafdorlarini ko’paytirishi kerak.