AQShda ayrim rasmiylar va tahlilchilarning Rossiya Ukrainada yadro qurolini ishga solishi mumkinigi haqidagi taxminlariga javoban Oq uy bunday ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan yadro quroli mutaxassislariga ko’ra, agar Rossiya bunday qurollarini Ukraina chegarasi tomon yetkazsa, AQSh darhol xabardor bo’ladi.
Dunyoda yadro qurollarining eng ko’pi Rossiyada joylashgan. Masalan, taktik yadro qurollari AQShnikidan 10 baravar ko’p. 2018-yil martida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir nechta yangi qurolni tanishtirib, ular dunyoning istalgan nuqtasiga to’siqsiz yetib borishini ma’lum qildi. Bir necha kun oldin esa Putin Rossiyani himoya qilish uchun qo’li ostidagi barcha choralarni ishga solishga tayyor ekanini bildirgan.
Oq uy matbuot kotibi Rossiya yadro qurollarini Ukraina chegarasiga yaqinlashtirayotgani haqidagi ayrim xabarlarni shunday izohladi:
“Yadro qurollari bilan har qanday tahdidni jiddiy qabul qilamiz. Biroq strategik yadroviy salohiyatimizni o’zgartirishga sabab yoki Rossiyaning shu tobda yadro qurollarini ishga solishiga ishora ko’rganimiz yo’q”, - dedi Karin Jan-Pyer.
Frontdagi muvaffaqiyatsizliklar fonida Rossiya qisman safarbarlik e’lon qilib, o’n minglab odam mamlakatdan qochishga majbur bo’ldi.
Milliy xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Mitchel Vallerstaynning aytishicha, agar Putin yadro qurolini ishga solsa, qizil chiziqni kesib o’tgan bo’ladi.
“Rossiya hech bir mamlakat Ikkinchi jahon urushidan beri qilmagan ishni qilgan bo’ladi. Xavotir shuki, Putin burchakka qamalgan sari imkoniyatlari cheklanganini ko’rmoqda va natijada kichik hajmli taktik yadro qurolidan foydalanishga harakat qiladi. Nazarimda Xirosima va Nagasakida qo’llangan bombalardan ham kichigini. Maqsad - Kiyevda Ukraina rejimini yo’q qilib, “nima qila olishimni bir ko’rib qo’ying” deyishga harakat qilish”, - deydi tahlilchi.
Vashingtonda joylashgan Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi eksperti Jeyms Ekton ham xavotirda.
“Agar urush Putin rejalaganidek ketmasa, jiddiy harbiy mag’lubiyatga yuz tutgudek bo’lsa, hokimiyatni qo’ldan boy berish ehtimoli bo’lsa, Rossiya iqtisodiyoti falokat yoqasiga kelib qolsa, u holda Rossiya yadro qurolini ishga solish ehtimolini yo’qqa chiqara olmayman. Bu darajaga boradi deb o’ylamayman, biroq Sovuq urush tugaganidan beri hozir buning uchun ehtimol ancha kattaroq deb hisoblayman”, - deydi u.
Ektonga ko’ra, Putin katta gapirsa-da, yadro qurollari bilan Ukrainadagi urushda g’alaba qozonishiga ko’zi yetgani yo’q.
“Maqsad Ukrainani, uning G’arbdagi hamkorlarini, xususan AQShni qo’rqitib, yanada eskalatsiya tahdidi, keng qamrovli yadro urushi tahdidi ularni chekinishga, yon berishga, Putinga vaziyatdan chiqib ketishga imkon berishga majburlashdir”, - deydi siyosatshunos.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uning armiyasi mamlakat sharqida va janubida boy berilgan hududlarni qayta ishg’ol qilayotganini aytmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi rus qo’shinlari chekinishga majbur bo’lganini tan oldi.
Putin uning mamlakati tahdidga yuz tutsagina, hujumga uchrasagina yadro qurolini qo’llashga majbur bo’lishiga ishora qilgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova yadro hujumi haqidagi gaplar G’arbda qaynayotganini aytadi.
"Rossiya Federatsiyasi yadro urushiga yo’l qo’yib bo’lmasligi tamoyiliga to’liq sodiqdir. Bu urushda g’olib bo’lmasligini qayta va qayta ta’kidlaganmiz. U hech qachon boshlanmasligi kerak. Harbiy doktrinamizda nima deyilganini ortiq qaytarmayman, chunki u aslo o’zgarmagan”, - dedi rasmiy.
Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoga ko’ra, “Rossiya hech qachon hech kimga yadro quroli bilan tahdid qilmagan, chunki yadro quroli Rossiya uchun mudofaa vositasidir, undan taralayotgan yadro tahdidi haqidagi gaplar esa yolg’on”.