Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin prezidenlikka qaytishga umid qilar ekan, saylovlargacha uch oy uning uchun bir umrdek tuyulishi mumkin. Parlament saylovlari ketidan hukumatga qarshi namoyishlar avj olishini hech kim kutmagan edi. Putinning prezidentlikka yo'li oson bo'lmaydi, deydi kuzatuvchilar.
Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yeltsin hokimiyatni Vladimir Putinga topshirgan edi. Ikki muddatdan so'ng Putin prezidentlikni Dmitriy Medvedevga berib, o'zi bosh vazir bo'ldi. Yangi saylovlar yaqinlashar ekan, Putin va Medvedev yana lavozim almashishga kelishib oldi.
Ammo ularning bu rejasini kuchga to'layotgan demokratik harakat puchga chiqarishi mumkin. Yana bir necha hafta ilgari Moskvada 50 mingdan ziyod odam to'planib, "Putin Rossiyaga kerak emas" degan shiorlar bilan chiqishini hech kim tasavvur qila olmas edi.
Xo'sh, nima bo'ldi?
Aleksey Vladimirov 24-dekabr kuni poytaxtda namoyishda ishtirok etish uchun Tver shahridan 150 kilometr yo'l yurib keldi. Uning aytishicha, Rossiyada saylovlar hech qachon halol bo'lmagan.
"Kommunistik tuzum tugatilganidan 20 yil o'tib haqiqiy demokratik o'zgarishlar uchun vaqt yetdi", - deydi u.
Svetlana Slepova norozilik ramzi - oq shar ko'tarib Putinni iste'foga chaqirmoqda.
"Biz tinch islohot tarafdorimiz va oq rang demokratik harakatning ana shu istagini aks etadi", - deydi u.
24 yoshli Stanislav Gerasimov kompyuter sohasida mutaxassis. Rossiyaning siyosiy jihatdan faol o'rta sinfi nomidan gapiradi.
"Aholining aksariyati hukumatdan qo'rqmay qolgan, deydi u. Xalq hukumatga emas, hukumat xalqqa xizmat qilishi zarur", - deydi u.
Putin yaqinda televideniye orqali saylovchilar savollariga javob berar ekan, namoyishchilarga munosabatini bildirib o'tdi. Uning aytishicha, ba'zilariga ko'chaga chiqish uchun pul to'lashgan. Gerasimov buni safsata deydi.
"Namoyishchilarga AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham, prezidenti Barak Obama ham to'lamagan. Odamlar o'z xohishi bilan namoyish qilyapti. Buni tarixiy voqea deb bilashadi", - deydi Gerasimov.
So'nggi salkam 100 yilda Rossiyada ikki inqilob ro'y berdi. Birinchisi sotsialistik tuzumni o'rnatishga qaratilgan bo'lsa, ikkinchisi uni yo'q qilishga.
Muxolifat parlament saylovlarini qayta o'tkazishni, martga belgilangan prezident saylovlarini aprelga ko'chirishni talab qilmoqda. Prezident va bosh vazir parlament saylovlari natijalari o'zgarishsiz qoladi degan.
Muxolifat Aleksey Navalniy kabi yosh faollarga tayanmoqda. 35 yoshli huquqshunos prezidentlikka da'vogarlardan biri sifatida ko'rilmoqda.
"Agar hukumat namoyishlarni bostirishga ahd qilsa, Kremlni ishg'ol qilamiz" deydi Navalniy tarafdorlariga murojaat etib.
Ammo, deydi Gerasimov, yana bir inqilobning keragi yo'q.
"Podshoni o'ldirish yoki hukumat binosini o'qqa tutishni hech kim istamaydi", deydi y tarixdan misol keltirib.
Prezident saylovlarigacha internet ishlab tursa bas, deydi ular. Namoyishchilar matbuotga ortiq ishonmay qo'ygan. Internet orqali uyushyapmiz, deydi bir ayol.
"Televideniyedagi birorta kanalga ishonch yo'q. Hammasi aldaydi. Haqiqatni internetdan bilib boraman", - deydi u.
Demokratik harakat namoyishchilar sonini oshirib, bir millionga yetkazmoqchi. Shundagina martda bo'ladigan prezident saylovlari natijalariga ta'sir qila olamiz, deydi ular.
Hozircha yagona nomzod Vladimir Putin saylovlar shaffof bo'lsin, g'irrom g'alabaning menga keragi yo'q, demoqda. Ammo bugungi sharoitda Putinning g'irromliksiz g'alabaga erisha olmasligi ayon bo'lib bormoqda.