Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 54-kun. Ukrain qo'shinlarining Mariupoldagi so'nggi qarshiligi

  • Amerika Ovozi

Lvov shahriga raketa hujumidan so'ng

Yakshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Mariupol shahridagi po’lat zavodida joylashgan ukrainalik askarlarga taslim bo’lishni taklif etdi, biroq Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bunday ehtimolni rad etib, askarlar so’nggi nafasigacha jang qilishini aytdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-aprel, 2022-yil

Shahar deyarli butunlay rus qo’shinlari nazoratida ekan, bugun ukrain askarlariga qarshi hujumlar jonlangan.

Donbass mintaqasidagi asosiy port shahri hisoblangan Mariupol urush oqibatida deyarli to’laligicha vayron bo’lgan. Ukraina sharqidagi bo’lginchilar va Rossiyaga qo’shib olingan Qrim yarimoroli o’rtasida joylashgan bu shahar strategik ahamiyatga ega.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ikki kun oldin ogohlantirishicha, agar ukrainalik qo’shinlarning “Azovstal” zavodidan chiqishiga imkon yaratilmasa, Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirish harakatlariga chek qo’yiladi.

Rossiya qurolli kuchlari tunda Ukrainaning boshqa hududlaridagi harbiy inshootlar nishonga olinganini ma’lum qildi. Xarkov, Zaporojye, Donetsk, Dnepropetrovsk, Nikolayev va Lvov viloyatlari havo hujumlariga uchragan.

Lvov viloyati rahbari Maksim Kozitskiyning ma’lum qilishicha, raketa hujumlarida kamida 7 odam o’lgan.

Zelenskiyning aytishicha, Rossiya Ukraina talafotlari haqida yolg’on ma’lumot tarqatmoqda. Unga ko’ra, urush boshidan Ukraina 3000 gacha askar yo’qotgan. Rossiya Mudofaa vazirligi salkam 24 ming ukrain harbiysi halok bo’lganini ta’kidlab, o’lganlar ro’yxatini chop etdi.

Moskvaga ko’ra, 63 mamlakatning salkam 7000 fuqarosi Ukraina tarafida jang qilmoqda, aksariyati Polsha, AQSh, Kanada va Ruminiyadan.

Rossiya Mariupol va boshqa hududlarga gumanitar yordam yetkazayotganini ma’lum qilarkan, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkiloti harbiy harakatlar sabab hududga kirish imkoni yo’qligini ta’kidlamoqda.

“Xalqaro hamjamiyatdagi hamkorlarimiz bilan birga Ukrainada millionlab odamga gumanitar yordam beryapmiz, ammo Mariupol kabi Rossiya qurshovidagi hududlarga kirishga ruxsat berishmayapti. Yo’llar ochilsa, oziq-ovqatga muhtoj har bir odamga yordam berish imkoni bo’lardi”, - deydi tashkilot bosh direktori Deyvid Bizli.

Zelenskiy G’arbdan qurol so’rashda davom etmoqda. Uning aytishicha, Donbassda rus qo’shinlariga qarshi samarali jang qilish uchun artilleriya va tank kabi og’ir qurollar kerak.

Zelenskiy, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg’armasi rahbari bilan Ukraina uchun qisqa muddatli hamda urushdan so’ng mamlakatni qayta qurish uchun uzoq muddatli yordam choralari haqida gaplashganini ma’lum qildi.

Jahon banki bashoratiga ko’ra, urush oqibatida Ukraina yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 45 foizga qisqaradi.

Qo’shma Shtatlar Ukrainaga qo’shimcha harbiy yordamni yuborishga hozirlanmoqda. AQSh Prezidenti Jo Bayden 800 million dollarga teng jiddiy qurol, jumladan og’ir artilleriya va’da qilgan.

Ukrainada o’tgan hafta hibsga olingani aytilayotgan Oliy Rada deputati Viktor Medvedchuk Ukraina xavfsizlik xizmati tayyorlagan videoda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, uni ozod etishda yordam so’radi. Zelenskiy tomonidan yaqinda taqiqlangan muxolif siyosiy partiya rahbarini Ukrainada Putinning ittifoqchisi deb atashadi. Medvedchuk o’tgan yili xiyonat va terrorizm ayblovlari bilan hibsga olinib, uy qamog’iga joylashtirilgan edi.

Uning turmush o’rtog’i Oksana Marchenko Turkiya, Britaniya va Saudiya Arabistoni rahbarlariga murojaat qilib, uning umr yo’ldoshini Ukraina tarafida jang qilgan va bir necha kun burun rus qo’shinlari tomonidan asirga tushirilgan ikki britaniyalikka ayirboshlashda yordam so’radi.

Moskvadagi matbuot anjumanida so’zlagan ayol Medvedchukka qo’yilgan ayblovlarni inkor etarkan, uning qattiq kaltaklanganini aytdi.

Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko’ra, siyosatchi Moldova orqali qochishni rejalayotganida qo’lga olingan.