Klinton va Sanders Floridada immigratsiya xususida bahslashdi

  • Amerika Ovozi

Floridadagi debat paytida

AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka da’vogarlar Xillari Klinton va Berni Sanders Floridadagi debat chog’ida bir-birini immigratsiyaga doir munosabati yuzasidan tanqid qildi.

Ma’lumki, bu shtatda ko’plab ispanzabon aholi bor.

"Zo’ravonlik avjiga chiqqan Gondurasdan Amerikaga muhojir bolalar kelganida ularni qabul qilish kerak deb chiqdim, Klinton esa bolalarni ortga qaytarishga da’vat etdi”, - dedi Sanders.

"Men bunday demadim. Men mamlakatimizga bolalarning yolg’iz kelayotganidan xavotir bildirdim, axir ko’p hollarda ular yo’lda nobud bo’lmoqda. Amerikaga kelishganida esa ularning taqdiri bo’yicha tugal qaror qabul qilinmaguncha huquqlari ta’minlansin, deganman. Senator Sandersning o’zi 2006-yilda Vakillar palatasida ishlagan payt hujjatsiz immigrantlarni izyolatorlarda noma’lum muddatga saqlash haqida respublikachilar bilan birga ovoz bergan edi”, - dedi Klinton.

Har ikki nomzod raqib partiyadan prezidentlikka da’vogar Donald Trampning immigratsiyaga doir qarashlarini tanqid qildi. Tramp meksikaliklarni mamlakatga qo’ymaslik uchun chegarada devor qurdirib, Amerikadan 11 million hujjatsiz muhojirni chiqarib yuborishini aytib keladi.

Seshanba kuni Floridada har ikki partiyadan nomzodlarga ovoz beriladi. Saralash bosqichi g’oliblari noyabrda o’zaro bellashadi.