Seshanba kuni Nyu-York shtatida Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlar navbatdagi saylovlarda qatnashadi. Ayrim nyu-yorkliklar ilk bor saylov uchastkasiga chiqadi.
Saylovchilar Nyu-York shahri kabi xilma xil. Ba'zilar Donald Trampga ovoz berishini aytadi.
“U yaxshi tadbirkor. Rahbarlikka moliya bobida tajribasi bor odam kerak", - deydi Jeyn Ximenes ismli saylovchi.
Boshqalar Trampni yomon ko'radi.
“Tramp? Qo'ying, u haqda gaplashmaylik", - deydi nyu-yorklik Sheron Simpkins.
Yaqinda shaharda bo'lib o'tgan namoyishga ko'plab yoshlar chiqdi. Ular demokratlardan nomzod Berni Sandersga ovoz berishini aytmoqda. Namoyishda 27 ming odam qatnashgani aytiladi.
“Tarixiy jarayonga o'z hissamni qo'shgim keldi. Birinchi marta ovoz beraman”, - deydi talaba Azza Avad.
“Sandersni haqiqatan ko'plab odam qo'llab-quvvatlayotganini ko'rsatishimiz juda muhim, chunki, nazarimda, matbuotda buni ko'rsatishmayapti", - deydi yana bir talaba Rouz Fitzmoris.
Vashington maydoni parkida o'tgan namoyishda mahalliy rok musiqachilar ham qatnashdi.
“Sanders aytgan gapidan chekinmaydi. Fuqarolik huquqlari harakatida qatnashgan paytlaridan shu bugungacha pozitsiyasi o'zgarmagan", - deydi student Stefani Xok.
“Berni biz uchun kurashyapti, bepul va sifatli ta'lim olishimiz uchun. Men buning mevasini ko'rmasman, ammo kelajak avlodlarga yaxshi bo'ladi", - deydi Nitza Epifanio.
Ba'zilar kimga ovoz berishini hali bilmaydi.
“Ikki nomzoddan birini tanlashim kerak. Xillari Klintonni doim yoqtirar edim, chunki u kuchli ayol, mamlakatimizga shunday lider kerak. Ammo Sanders ham menga juda yoqadi, uning dasturi menga manzur”, - deydi Keyti Xo ismli talaba.
Yoshlarni turli mavzular qiziqtiradi.
“Xillari Klinton teng maosh haqida gapiradi, ammo aksariyatimiz yaxshi ishda ishlashni istaymiz”, - deydi Jennifer Jouns.
Eng muhimi, deydi yoshlar, saylov jarayonida faol qatnashish.
“Kim uchun ovoz beradigan bo'lsangiz ham saylovga chiqing. Ochig'i, Amerikada saylovchilar o'ta passiv”, - deydi yana bir student Melissa Bruno-Piverger.