Breaking News

Saylov-2016: Navbatdagi bellashuv Nyu-Yorkda


19-aprel kuni Nyu-Yorkda partiyaviy saylovlar bo’lib o’tadi. Prezidentlikka nomzodlar uchun navbatdagi yirik sinov bu. Ommaviy so’rovlarda respublikachi Donald Tramp va demokrat Hillari Klinton oldinda ketmoqda.

Tramp ona shtatida g’alaba qilishiga ishonadi. Ammo milliarder tadbirkor Respublikachilar partiyasini tanqidga olmoqda, chunki raqibi Ted Kruz so’nggi haftalarda bir qancha delegatlarni qo’lga kiritdi.

“Menga ovoz berganlar millionlab nafarga ko’proq, bu haqda gapirishmaydi. Nuqul delegatlarni sanashadi. Delegatlar soni bo’yicha ham men oldinda. Saylov sistemasi adolatsiz. Iflos bu tizimda yutish qiyin”, - deydi Tramp.

Kruzga ko’ra, Tramp nolishni bas qilishi kerak - qonun-qoidalar hamma uchun bir xil.

“Tramp nomzod bo’lishi partiyamiz uchun fojia. Klinton g’alaba qilib, Oq uyni ilib ketadi”, - deydi senator Ted Kruz.

Kruz delegatlar soni bo’yicha Trampdan orqada. Uchinchi o’rinda ketayotgan Jon Keysik ham poygani tark etmoqchi emas.

“Oramizda ba’zilar saylovchilarning qo’rquv va g’azabidan foydalanib, shuhrat qozonishga, e’tibor markazida turishga harakat qilayapti”, - deydi Keysik Trampga ishora qilib.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Hillari Klinton o’tgan haftalar ichida yetti shtatni raqibi Berni Sandersga boy berdi.

Ammo qariyb 250 delegat uchun kurash ketayotgan Nyu-Yorkda uning qo’li baland kelishi mumkin.

“Bilasiz, senator Sanders iqtisodiyot, moliyaviy tizimdagi nuqsonlar haqida ko’p gapiradi. Ammo Nyu-Yorkda uni savolga tutishganda, aniq javob bera olgani yo’q”, - deydi Klinton.

Berni Sanders o’tkazadigan tadbirlar doimo gavjum. Manxettenda u tarafdorlariga murojaat qildi.

“Oxirgi sakkiz shtatda o’tgan partiyaviy saylovlardan yettitasida biz g’alaba qildik. Sizning ovozingiz bilan Nyu-Yorkda ham bo’sh kelmaymiz”, - dedi Sanders.

Nyu-Yorkda ikki demokrat bir-birini ayamasdan tanqid qilayapti, deydi tahlilchi Tom Defrank.

“Respublikachi nomzodlardan ziddiyatli va ahmoqona da’vatlarni ko’p eshityapmiz desangiz, endi demokratlar ham ulardan qolishmayapti. Klinton va Sanders bir-birini prezidentlikka loyiq emas deb chiqdi. Bu bema’nilik”, - deydi Defrank.

Har ikki nomzodni Nyu-York bilan qalin rishtalar bog’laydi. Sanders Bruklinda dunyoga kelgan, Klinton esa bu shtatdan senator bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG