Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
25 yildirki, Buxoro Amerikaning Santa-Fe shahri bilan birodar. Buxorolik hunarmandlar Santa-Fega safar qilib turadi va u yerdagi bozorlarda, shuningek, san’at dargohlarida ishini ko’rsatadi, o’rganadi. Santa-Feda har yili o’tadigan xalqaro hunarmandchilik yarmarkasida yaqinda O’zbekistondan 25 usta qatnashdi. Meksika delegatsiyasidan keyin ikkinchi eng yirik jamoa bo’ldi. "Amerika Ovozi" Buxoro va Santa-Fe birodarlik rishtalari uchun mas’ul (Santa Fe-Bukhara Sister Cities Committee) Kerol Robertson Lopez bilan suhbatlashdi.
Kerol Robertson Lopez: “Birodar shaharlar g’oyasini Ikkinchi jahon urushidan keyin prezident Dvayt Ayzenxauer olg’a surgan. Xarobazor, adovatni kuzatgan prezident boshqa bunday vayronkor urushlar bo’lmasligi uchun qo’ldan kelgan hamma choralarni ko’rishimiz kerak, degan. U Amerikadagi shaharlar dunyoning turli shaharlari bilan rishtalar bog’lashini, o’rtadagi tafovutlarni ham, o’xshashliklarni ham qadrlashini istar edi. Birodar shaharlar izzat, rozilik va ahillik orqali tinchlikni ardoqlash, mustahkamlashni ko’zlaydi”.
Amerika Ovozi: Buxoro va Santa-Fe o’rtasida birodarlik bitimiga qachon qo’l qo’yilgan?
Kerol Robertson Lopez: “Santa-Fe va Buxoro birodarlik bitimini 1989-yilda imzolagan, hali sovet ittifoqi qulamagan davr edi. Yaqinda Buxoroga safarim paytida mashina sotib tirikchilik qilgan bir odamni uchratdim. Bilsam, maktabda yillari Santa-Feda olti hafta o’qib ketgan ekan”.
Amerika Ovozi: Ko’rinishidan Buxoro va Santa-Fe aloqalari faqat san’at sohasi bilan cheklanib qolayapti. Muloqot sustday?
Kerol Robertson Lopez: “Yo’q, nazarimda aloqalar sust emas, aksincha, aynan san’at sohasining sharofati bilan juda qizg’in. San’at ikki davlat bir-birini yaxshiroq tanishi uchun noyob imkoniyat. Oraga siyosiy farqlarni aralashtirmasdan, ikki davlat siyosiy hayotida ro’y berayotgan jarayonlarni qo’shmasdan ishlash imkoniyatidir bu. Aksariyat hollarda odamlar hukumatlarga ta’sir qila olmaydi, shu sababli bu borada gap ochmaymiz. Fuqarolarning kundalik muammolari, xususan, ta’lim, infratuzilma, iqtisodiy taraqqiyot kabi masalarni muhokama qilamiz”.
Amerika Ovozi: Birodarlik rishtalari o’zaro tashrif va muloqotni nazarda tutadi. Santa-Fedan O’zbekistonga delegatsiya oxirgi bor qachon bordi?
Kerol Robertson Lopez: “Odatda ikki yilda bir safar qilaman O’zbekistonga. Buxoro hokimiyati bilan hunarmandlar orqali bog’lanamiz. Hokimni shaxsan biladigan ustalar bor, ular o’rtada ko’prik vazifasini o’taydi. Kelasi yili Santa-Fedagi hunarmandlar festivaliga Buxoro hokimi ham keladi degan umiddamiz. Hozir shu haqda muzokaralar ketayapti. Hokim kelib Amerikada o’zbekistonlik hunarmandlar erishayotgan yutuqlarni o’z ko’zi bilan ko’rishini, Santa-Fe yarmarkasining ahamiyatini bilishini xohlar edik”.
Amerika Ovozi: O’zbekistonga, Buxoroga borganingizda hukumat vakillari, oddiy fuqarolari bilan ko’rishasiz. Qo’shma Shtatlar haqida tasavvur qanday?
Kerol Robertson Lopez: “Qo’shma Shtatlar haqida gap ketganida odatda Santa-Fe hunarmandlar festivali haqida gaplashamiz. Chunki Buxoroda kim bilan so’zlashmay, u yoki bu jihatdan albatta Santa-Fega aloqasi bo’ladi. To’rt yil oldin Buxoroga birinchi borganimda, ko’chada ketayotib katta sellofan xalta ko’targan ayolni ko’rib qoldim. Tikilib qarasam, o’sha xaltaga Santa-Fe hunarmandlar yarmarkasining belgisi tushirilgan ekan. U ayol bilan gaplashdim, rasmga tushirdim. Juda xursand bo’lganim esimda. Biz odatda odamlarning Amerikaga munosabati haqida gaplashmaymiz. Har qanaqangi siyosiy muhokamalardan chetda yuramiz. Aksariyat hollarda O’zbekistonda farzandni katta qilish, oilalarning kundalik hayoti, katta va kichik avlodning muomalasi haqida fikr almashamiz. Menga, masalan, qiziq tuyulgan jihat – O’zbekistonda ayollar turmushga chiqib, oilaviy hayotning dastlabki besh yilini uyda o’tirib, bolalari bilan o’tkazishga bajonidil rozi ekan. Albatta, taomlarni qiyoslash, Amerika va O’zbekistondagi oziq-ovqatni muhokama qilish maroqli. Deylik, Buxoroning taomlari mening jonu dilim. Nonini aytmaysizmi, biram mazali. Mehmonga boradigan bo’lsangiz, ovqatni, palovni erkaklar pishirishi menga juda ma’qul tushdi. O’zim ko’rgan, bilgan mehmondo’stlik, odamoxunlikni hech yerda boshqa uchratmaganman.
Ko’p so’rashadi mendan: Kerol, nima uchun O’zbekiston, Buxoroga mehr qo’ygansan? Bu diyor odamlarini yaxshi ko’raman. Yuragi shunaqayam keng, ajoyib insonlar. Buxorodan kelgan hunarmandlarning mahorati, bir necha tilda bemalol gaplasha olishi meni hayron qoldirdi. Ular mohir savdogar, muomalaga usta, hammaning ko’ngliga yo’l topadi. Safarlarimdan bir narsani angladim - birovning uyiga borsam, shu narsa menga yoqdi, demay qo’ydim. Chunki bor narsasini sizga sovg’a qilib yuboradi”.
Amerika Ovozi: Ikki shaharni bog’lovchi loyihalar haqida batafsilroq aytib bersangiz. Masalan, bu haqda ma’lumot olmoqchi bo’lgan odam qayerga murojaat qilishi kerak? Saytingiz bormi, “Facebook” kabi tarmoqlarda sahifangiz bormi?
Kerol Robertson Lopez: “Hozir Buxoro uchun “Facebook”da sahifa ustida ishlayapmiz. O’zbekiston-AQSh oliy konsuli odamlar bilan bog’lanishda yordam berayapti. Bundan tashqari, Santa-Fe shahar veb-sahifasida ham Buxoro haqida ma’lumot topsangiz bo’ladi. Qidiruv satriga “sister cities” (birodar shaharlar) deb yozsangiz, birodar shaharlar haqida ma’lumot topasiz”.
Amerika Ovozi: Har qanday loyihani amalga oshirishda moliya va kadrlar salmoqli rol o’ynaydi…
Kerol Robertson Lopez: “Mablag’ni o’zimiz qidirib topamiz. Santa-Fe shahar ma’muriyatidan biroz yordam olamiz, bizni xodimlar bilan ta’minlaydi. Lekin boshqa pulni o’zimiz izlab topamiz. Masalan, Buxoroga safarimni doim o’z cho’ntagimdan qoplayman. Lekin u yerga yetib borgandan keyin odamlar rosa mehmonga chaqiradi, hech qancha pul sarflamaymiz. Buxorodan suratlar, hunarmandlar ishini xarid qilib, Amerikaga olib kelamiz”.
Amerika Ovozi: Birodarlik rishtalari… Bunda oddiy birodarlar o’rtasida bo’lgani kabi taraflar bahslashib, bir-biriga tanbeh berishi ham mumkinmi? Masalan, O’zbekistonda aksariyat ta’limiy almashuv dasturlari yopilib ketdi. Tinchlik korpusi faoliyati to’xtatilgan. Qo’mita raisi sifatida qanchalik ta’sir qila olasiz, bu mavzularni qanchalik ko’tarasiz?
Kerol Robertson Lopez: “Yo’q, bu bahslardan ishtirok etmaymiz. Siyosatdan iloji boricha chetda yuramiz. Chunki odamlar bilan yuzma-yuz muloqot nihoyatda muhim biz uchun. Almashinuv dasturlari qayta ochilganidan keyin Buxorodan talabalar yana kelishini, kollejlarimizda o’qishini xohlar edik. Avval ham sopol bo’yicha ustalar Buxorodan Amerikaga safar qilgan edi. Ular Santa-Fedagi o’quv yurtlarida talabalar bilan ko’rishgan, ishlarini namoyish qilgan. San’at sohasida almashinuvlar ko’proq bo’lishini xohlar edik”.
Amerika Ovozi: O’zbekistonlik hunarmandlar biz bilan suhbatda festival juda mamnun ekanini, yangi do’stlar va hamkasblar orttirganini aytdi…
Kerol Robertson Lopez: “Buxoro san’ati - dunyoda eng sarasi. Shu sababli ham hunarmandlar festivaliga eng ko’p usta jo’natadigan davlatlar – Meksika va O’zbekiston. Holbuki, O’zbekiston - eng yiroqdagi ishtirokchi. Ammo san’at sifati juda yuqori bo’lgani uchun muntazam taklif qilinadi. O’zbekiston, xususan Buxoroda hunarmandchilik bir necha yuz yillik tarixga ega. Amerika ustalari u yerdan kelgan hamkasblari bilan ko’proq vaqt o’tkazib, ulardan hunar o’rganishni istaydi. Santa-Fe bu hunarmandlar ishini jahon bozoriga tanitayapti. Yosh hunarmandlarni kasbda qolishga rag’batlantiramiz. Toki bu an’analar unutilmasin. Santa-Fe yarmarkasiga birinchi bor kelgan o’zbekistonlik hunarmandlar samimiyat, mehr-e’tiborni ko’rib hayron qolishadi. Ular bu yerda do’stlar orttirib, hamkasblar bilan do’stlashib, hatto mehmonxonada turmaydi. Hamkasblar ularni o’z uylariga olib ketishadi. Har yili bir-birimizni intizorlik bilan kutamiz”.
Amerika Ovozi: Suhbat uchun rahbat. Biror qo’shimcha qilasizmi? Biror savol berishni unutdimmi?
Kerol Robertson Lopez: “Shuni qo’shimcha qilmoqchi edimki, O’zbekiston, Buxorodagi do’stlarimga mehrim beqiyos. Yana bir yil ko’rishmasligimizni o’ylab xafa bo’laman. Lekin shu yil dekabrida O’zbekistonga borishim mumkin. Kelasi yilga rejalarimiz katta. Hunarmandlar avval Santa-Fe hunarmandlar yarmarkasida bo’ladi, keyin Las-Vegasda boshqa bir festivalga olib boramiz. So’ngrsa Toshkentning birodar shahri Sietlda ham yarmarka tashkil qilamiz. “Amerika Ovozi” jamoasi albatta kelishi kerak!”